Bolalar oromgohlariga yoʻllanma olish axborot tizimi “FHDYOning yagona elektron arxivi” AT bilan integratsiya qilinadi

    “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-1-son, 11.01.2024-y.) qabul qilindi.

    Unga koʻra, quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:

    Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasiga 2025–2026-yillarda ajratilishi nazarda tutilgan mablagʻning bir qismini 2023-yil yoz mavsumida dam olgan bolalarning yoʻllanma xarajatlarini hamda 2024-yil yoz mavsumiga 59 ta oromgohni tayyorlash maqsadida olib borilgan taʼmirlash ishlari boʻyicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun yoʻnaltirishga ruxsat berildi;

    Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining boʻysunuvi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazilganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlari oʻzaro muvofiqlashtiriladi;

    Bundan tashqari, “Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanma olish axborot tizimi «FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;

    Bunda yoʻllanma xarid qilish jarayonida Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanma olish axborot tizimiga bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasining maʼlumotlari (JSHSHIR yoki guvohnoma seriyasi va raqami) kiritilganda ushbu bolaning toʻliq ism-sharifi, jinsi, tugʻilgan sanasi, oyi va yili haqidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda shakllanadi.