Qayd etilishicha, yozgi taʼtilda bolalar vaqtini mazmunli tashkil etish uchun my.gov.uz da sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanma olish xizmati ishga tushirildi.
Endi ota-onalar oʻz farzandlari uchun qulay mavsum va oromgohni tanlab, uydan chiqmasdan turib ariza yoʻllashi va toʻlovni amalga oshirib, yoʻllanma olishi mumkin.
Xizmatdan foydalanish uchun avval my.gov.uz portalidan «Bolalar oromgohlariga yoʻllanma olish uchun ariza berish«ni tanlanib, yoʻllanma olmoqchi boʻlgan farzandingiz kiritiladi, oromgoh va qulay mavsumni koʻrsatiladi va toʻlov amalga oshiriladi. Barcha amallar bajarilgandan soʻng esa yoʻllanma olinadi.
Maʼlumot uchun, yoʻllanma band qilingach, 30 daqiqa ichida toʻlov toʻliq amalga oshirilmasa, u avtomatik tarzda bekor boʻlib, band qilingan yoʻllanma qayta sotuvga chiqariladi. Bolalar oromgohlariga yoʻllanma 7−14 yoshdagi bolalarga beriladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari farzandlari uchun yoʻllanma narxining 50 foiz miqdori Bolalar sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi va portaldagi yoʻllanma narxlari ushbu kompensatsiya puli inobatga olingan holda shakllantiriladi.