Qayd etilishicha, tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Turizm qoʻmitasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etiladi.
Maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va ”yashil iqtisodiyot“ yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirish, aholining ekologiya bilan bogʻliq huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ilmiy va innovatsion qobiliyatlarini namoyon etish, ekologik muammolar va ularning yechimlariga bagʻishlangan takliflar ishlab chiqishdir.
Eko-oromgohga yurtimizning har bir hududidan 15 nafardan mahallalarning yoshlar yetakchilari, “Yosh ekologlar” harakati Kengashlari aʼzolari, volontyorlar, ekofaollar hamda “Ekologiya bilimdonlari” tanlovi gʻoliblari jalb qilinadi. Ishtirokchilarni ekologik muammolar va ularning yechimlariga bagʻishlangan oʻquv-seminar mashgʻulotlari, intellektual oʻyinlar, ommaviy sport va plogging musobaqalari, ekologik loyihalar, “Ekologiya bilimdonlari” va boshqa tanlovlar, madaniy-koʻngilochar tadbirlar, taniqli insonlar bilan uchrashuvlar va tarixiy obidalarga sayohatlar kutmoqda.
Yakunda faol ishtirok etgan guruhlar va hudud jamoalari vakillari diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, eko-oromgoh ishtirokchilarining har biriga maxsus sertifikatlar topshiriladi.