Ushbu muassasa tarbiyalanuvchilari orasida yaxshi sportchilar, fan olimpiadalari va boshqa turli tanlovlar gʻoliblari ham koʻpchilikni tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi tadbir A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining yozgi taʼtiliga yanada mazmun ulashish maqsadiga qaratildi. Xususan, Toshkent shahridagi akvaparkda sogʻlomlashtirish dasturi tashkil qilindi.
Bilamizki, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ogʻir sharoitlarda yashovchi, daromadi kam oilalar davlat himoyasida. Jumladan, davlatimiz yetim va ota-onalarning vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlaydi.
Shuningdek, onalik va bolalikni muhofazalash, bolalarni har tomonlama himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash borasida yuzlab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Albatta koʻrilayotgan chora-tadbirlar besamar ketmayapti. 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari orasidan futbol boʻyicha Jahongir Ochilov, rassomchilikda Mirjahon Hakimov nom qozongan boʻlsa, Sevinch Jabborova ashula va raqs yoʻnalishi boʻyicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan.
Partiyaning Toshkent shahar kengashi masʼullari hamkorligida oʻtkazilgan sogʻlomlashtirish aksiyasida ishtirok etgan yoshlar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan futbol boʻyicha Jahon chempionatida ishtirok etish uchun xorijga joʻnab ketadi. Demak, yana bir yaxshi natija va yutuq uchun qadam qoʻyiladi.
Hamkorlikdagi material