Xususan, Milliy rejaga ko‘ra, 2026-yildan onkologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi hisobidan alohida xizmatlar paketini moliyalashtirish belgilangan.
Ushbu paket quyidagilarni qamrab oladi:
dori vositalari, jumladan, kimyoterapiya, maqsadli va immunoterapiya;
zamonaviy diagnostika, jarrohlik amaliyotlari va statsionar davolanish;
psixologik, ijtimoiy va palliativ yordam;
teletibbiyot, raqamli xizmatlar va innovatsion texnologiyalar;
reabilitatsiya va sog‘ayishgacha bo‘lgan tibbiy xizmatlar.
Yana bir muhim jihat: Milliy reja doirasida Respublika bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududlardagi 14 ta filiali faoliyati takomillashtiriladi.
Bu orqali joylarda erta tashxislash, bemorlarni o‘z vaqtida yo‘naltirish, davolash sifatini nazorat qilish va mutaxassislar o‘rtasida masofaviy maslahatlashuvlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, JSST, YUNISEF, xalqaro moliya institutlari va boshqa hamkorlar bilan birgalikda sohaga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish rejalashtirilmoqda.
2030-yilgacha erishilishi belgilangan asosiy natijalardan biri — bolalar onkologiyasida diagnostika, davolash, zarur dori vositalari va reabilitatsiya xarajatlarini davlat tomonidan 100 foiz qoplash tizimini shakllantirishdan iborat.
SSV Matbuot xizmati.