баннер
22 Mar 2025
00:39

    Bolalar tagligiga hech qanday cheklovlar joriy etilmagan

    Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Taglik qiroli paydo boʻldimi?” sarlavhasi ostida turli xabarlar tarqalmoqda.

    Xabarlarda "Bugun doʻkonga kirsam, yangi “zavoz” yoʻq dedi. Hamma “ostatka” sotayotganmush. Tagliklarga sertifikat joriy qilib, import tagliklarga sertifikat bermayotganmush. Bilmadim”. deyiladi.

    Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi Matbuot xizmati mazkur masalaga oydinlik kiritdi.

    Qayd etilishicha, Inspeksiyasi tomonidan ushbu mahsulotga nisbatan hech qanday cheklovlar joriy etilmagan. Shu bilan birga, texnik jihatdan tartibga solish va muvofiqlikni baholash boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablari quyidagicha belgilangan:

    • Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-avgustdagi 502-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va muvofiqlikni baholash tartiblariga oid nizomlar” 2024-yil 14-noyabrdan kuchga kirdi.
    • Mazkur hujjatning 1-ilovasiga asosan, xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi va ularga nisbatan majburiy muvofiqlikni tasdiqlash (sertifikatlash) tartibi qoʻllaniladi.
    • Shu bilan birga, 1-ILOVA — **“Xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”**ning 3-ilovasiga binoan, ushbu mahsulotlar davlat reyestriga kiritilgandan soʻnggina majburiy sertifikatlash talab etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan mahsulotlarning xavfsizligi hamda sifatini taʼminlash maqsadida, ularning muvofiqligi tasdiqlanishi lozim. Shu bois, mahsulotlarning qonunchilikda belgilangan tartib asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va muvofiqligi tasdiqlanishi zarur.

    Bugungi kunda muvofiqlik sertifikatini olish uchun Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan hech qanday elektron platformalarda taqiq qoʻyilmagan.

    Shu sababli, mazkur mahsulotlarga nisbatan hech qanday qoʻshimcha taqiq yoki cheklovlar joriy etilmaganini maʼlum qilamiz.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech