Bolalarimni oʻzimdan sovitishgacha borgandim...

    Mamlakatimizda 26 Oktabr 2021 2084

    Inson qadrini topgan Vatanda, yurt ortida togʻdek suyanchigʻingiz borligini qalban his etsangiz har qanday kasallik chekinib, farzandlaringiz qurshovida qaddingiz tik yashar ekansiz. Qiynalsangiz, xorijda ham hor boʻlmas ekansiz.

    Qariyb uch yildan buyon jigar syerrozi bilan kurashib kelayotgan ona sifatida bunga men qatʼiy ishonch hosil qilib, boshimdan oʻtganlarini yurtdoshlarimiz bilan baham koʻrishni, meni hayotga qaytargan barcha yaxshi insonlarga minnatdorlik bildirishni lozim topdim.

    Oʻzim tibbiyot xodimiman. Oʻsha yil dekabr oyida quloqlarim oldida churra paydo boʻldi. Topshirgan tahlillarim jigar syerrozi rivojlanayotganini aniqladi. Shungacha bilmaganman. Shifoxonada davolandim. Har biri bir million soʻmlik, hattoki undan ham qimmat boʻlgan dori-darmonlardan haftasiga uch-toʻrt marta qabul qildim. Shu dorilarni qabul qilmasam ahvolim ogʻirlashib, qorinda shish paydo boʻla boshlardi. Uzoq vaqt shifoxonalarda davolandim. Lekin, ahvolim oʻzgarmadi.

    Shu davrda farzandlarim koʻzida bu dardning davosi yoʻq, degan nigohlarni jon-jonimdan his etganman. Shu bois ham bolalarim mendan keyin meni sogʻinib, oʻksimasin, degan xayolda ularga baqirardim, kezi kelsa ularni oʻzimdan sovitish uchun urishardim ham. Ular jonimning boʻlagi, hayotim mazmuni. Ammo, netayki, menga qattiq bogʻlanib qolishi ularni qiynashi aniq, deya oʻylardim…

    Bu yogʻi turmush oʻrtogʻim Rossiyada yollanma ishchi sifatida ishlayotgandi. Uning ish haqi uch farzandim bilan tinch-totuv, el oldida kam ham, ortiq ham emas — koʻngil toʻlar darajada yashashimizga yetayotgan edi.

    Oʻtgan yili pandemiya boshlanib, turmush oʻrtogʻimning ishi yurishmay qoldi. Qizim Sohiba mening aziyatimga qoʻshib, oila tashvishlarini ham boʻyniga oldi. Singillariga mehr, menga dalda, otasiga suyanch va yupanch boʻlgan Sohiba bir kuni “Mahalla” teleradiokanalida “Odamiylik” koʻrsatuvini koʻrib qoladi. Unda jigarining yarmini berib, volidasining hayotini saqlab qolgan qiz haqida hikoya qilinadi. Shu boʻldiyu, oromi qochdi. Oʻsha qizning telefon raqamini topdi. Qarz-qavolayu, yaxshilarning koʻmagi bilan pul toʻplab, Hindistonga ketdik. Afsuski, yiqqan mablagʻimiz qon tahlillarigagina yetdi, xolos. Davolanish puliyu, vatanga qaytish xarajatlari uchun esa mablagʻimiz qolmadi. Bundan qattiq oʻyga choʻmgan Sohiba “Odamiylik” koʻrsatuviga videoxabar yoʻlladi, vaziyatni tushuntirdi. Oʻzga yurtdagi ahvolim haqida gapirdi. Qarangki, bu lavha bir necha bor efirga uzatilibdi.

    Kutilmaganda qizimga tunda “Odamiylik” koʻrsatuvi muharriri qoʻngʻiroq qilib, koʻrsatuvning tungi efirdagi takrorini Prezidentimiz koʻrib qolganini, biz haqimizdagi maʼlumotlarni bilib, koʻmak berish kerakligini aytganidan xabardor qilibdi. Shaxsan oʻzlari bu ish bilan shugʻullanayotganini bilib, yurtimizda haqiqatan ham inson qadri har narsadan ustunligiyu, davlat rahbarining diqqat-eʼtiborida ekanimni his etdim, oʻshanda. Begona davlatda boʻlsamda Yurtboshimizning otalarcha mehribonligini yana bir bor chin dildan tuydim. Bu ogʻir dardni yengishimga ishonch tuygʻumni, hayotga intilishimni kuchaytirdi. Otalarcha mehribonlikni his etdim.

    Buni qarangki, menga donorlik kerak ekan. Buni Sohiba oʻz zimmasiga olgan. Biroq, uning jigar hujayralari toʻgʻri kelmaganligi bois togʻasi Odil Yaqubovni Hindistonga chaqirgan.

    Elchilarimiz men yotgan shifoxonada ahvolimdan shaxsan xabar olib, operatsiya uchun kerakli mablagʻlar ajratilganini bildirgan kuni hayot ertakka aylanib qolgandek boʻldi. Prezidentimiz viloyatimizga tashriflari chogʻida Sohibaning bu ishini esga olib, mehribon va jasoratli qizlarimiz koʻpaysin, deya alohida eʼtirof etibdi.

    Shunday qilib, davlatimiz rahbari gʻamxoʻrligi va mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi vakillari yordami bilan tezda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Zarur mablagʻni viloyat hokimi toʻlab beribdi. Qizimning keyinchalik aytishicha, aslida operatsiya 12 soatlab davom etishi kerak ekan. Men esa besh soatda jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqanman. Hindistonda boʻlib turgan kunlarimizda elchixonamiz va viloyat rahbarlari holimizdan har kuni xabar olib turdi. Ulardan juda minnatdorman.

    Muvaffaqiyatli oʻtgan bu jarrohlik amaliyotim ortida Prezidentimizning shaxsan oʻzlari, jonkuyar farzandlarim, yaqinlarim, mehribon elimiz turganini koʻrdim.

    Bugun oʻz uyimda xotirjam, farzandlarim quvonchiga sherik boʻlib yashayapman. Hayotim butkul oʻzgargan. Oʻtgan yillardagi turli hayollar va qoʻrquvdan asar ham yoʻq. Endi bolalarimning yuz-koʻzlaridan oʻpib, har kuni mehr bilan erkalayapman. Viloyat hokimi Sohiba qizimni oʻz mutaxassisligi boʻyicha tibbiyot muassasasiga ishga ham joylashtirdi.

    Endilikda har kun erta tongda mendek oddiy insonlarga ham mehr ulashayotgan, shirin hayotga qaytarish uchun dardimizga sherik boʻlib, zarur paytda moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlayotgan yurtboshimizni duo qilaman. Yaratgandan Vatanimizga tinchlik, toʻkinlik, qalbi daryo xalqimizga sogʻlik, osuda hayot soʻrayman. Olis va begona yurtda boʻlsamda, mening hayotga qaytishimga sababchi boʻlgan Prezidentimiz hamda barcha yaxshi insonlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

    Saodat Yoqubova,

    Termiz shahri Chegara mahallasi.