Bolalarni sogʻlomlashtirish tizimi takomillashtiriladi

    Ijtimoiy hayot 19 Iyun 2023 2093

    65 ta bolalar oromgohlari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimiga oʻtkazilib, boshqa tashkilotlar tizimida boʻlgan 35 ta bolalar oromgohlarini sotish yoki faoliyat turini oʻzgartirishni taqiqlashni nazarda tutuvchi roʻyxat tasdiqlandi.

    Prezidentning 14.06.2023-yildagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-95-son Farmoni qabul qilindi.

    Bolalar oromgohlari faoliyatini yagona tizim asosida yoʻlga qoʻyish, ularning moliyaviy holatini yaxshilash va oromgohlarga yoshlarni jalb etish qamrovini kengaytirish maqsadida 65 ta bolalar oromgohlari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimiga oʻtkazilib, boshqa tashkilotlar tizimida boʻlgan 35 ta bolalar oromgohlarini sotish yoki faoliyat turini oʻzgartirishni taqiqlashni nazarda tutuvchi roʻyxat tasdiqlandi, Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi.

    Bolalar oromgohlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Prezidentning ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

    • ayrim bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi balansiga oʻtkazilganligi hamda ayrimlarini sotish yoki faoliyat turini oʻzgartirish taqiqlanganligi;
    • Bolalarning dam olishini tashkil etish va sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni taʼminlash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi guruh negizida Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish;
    • taʼtil paytlarida bolalarning maroqli dam olishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda bolalar oromgohlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish.

    Eslatib oʻtamiz, Soliq kodeksiga muvofiq:

    • sanatoriy-kurort, sogʻlomlashtirish xizmatlarini, shuningdek, byudjet tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalarga QQS solinmaydi;
    • sport va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish majmualari, oʻquv-mashq bazalari va bolalar-sogʻlomlashtirish oromgohlari egallagan yerlarga yer soligʻi solinmaydi;
    • notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan obyektlar mol-mulk soligʻi boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 15.06.2023-yildan kuchga kirdi.