Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalarda belgilangan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bolalarni tashish qoidalarini buzgan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan bir yildan uch yilgacha muddatga mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Agar ushbu huquqbuzarlik transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bunday huquqdan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilsa, BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilangan.
Shuningdek, bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzganlik uchun ham BHMning 30 baravari miqdorida jarima joriy etiladi. Agar mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 50 baravarigacha oshiriladi.
Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, bolalarni tashish qoidalariga to‘liq rioya etilmayotgani sababli yo‘l-transport hodisalaridan jabrlanayotganlar orasida bolalar ulushi yuqoriligicha qolmoqda.
Hujjatning qabul qilinishi bolalarni tashish bilan bog‘liq qoida buzarliklar uchun aniq javobgarlik choralarini belgilash, profilaktik ta’sirni kuchaytirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tganidan so‘ng kuchga kirishi nazarda tutilgan.