Bolalik chog‘imdan tarix, geografiya hamda davlatlararo diplomatik munosabatlarga qiziqishim katta. Ayniqsa, Italiya madaniy va estetik jihatdan juda jozibador tuyular, shuning uchun dunyodagi go‘zal shaharlardan biri – Rimda yashab, ta’lim olgim kelardi. 2021 yili Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining bakalavriat bosqichini tamomlab, XIV asrda asos solingan eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Rimdagi La Sapiyensa universiteti (Sapienza University of Rome)ning magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindim.
O‘qishga qabul qilingan vaqtim partiyalardan birining markaziy kengashida faoliyat yuritardim. Tabiiyki, chet eldagi nufuzli oliygohga o‘qishga kirganimni hamma eshitdi. Bilasiz, Rimda o‘qish, yashash oson emas. Biroq men vaziyatdan chiqib, orzumga yetishishim kerak edi. Hamkasblarim “Elyurt umidi” jamg‘armasi tanlovida qatnashish uchun hujjat topshirishimni tavsiya etganida avvaliga ishonqiramadim. Jamg‘arma saytidagi ma’lumotlar bilan tanishdim. Shundan so‘ng hujjatlarimni saytga yukladim. Tanlov muddati tugashiga bir necha soat qolganida jamg‘armadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Hujjatlarim barcha talablar ga to‘g‘ri kelayotgani, faqat jamg‘arma raisi nomiga ariza yetishmayotganini aytishdi. Shu qo‘ng‘iroqdan so‘ng arizani to‘ldirib, yubordim. Shu bilan tanlovda g‘olib bo‘ldim va jamg‘arma stipendiatiga aylandim.
Rimdagi La Sapiyensa universitetida yaxshi ma’noda ajablantirgan asosiy jihat akademik va shaxsiy erkinlik bo‘ldi. Talabaga mustaqil shaxs sifatida qaraladi. Uning yurish-turishi, kiyimi, soch turmagi va shaxsiy imijiga bog‘liq boshqa barcha jihatlar universitet ma’muriyati va professor-o‘qituvchilarni mutlaqo qiziqtirmaydi. Chunki ularning bundan boshqa muhimroq ishlari bor. O‘z o‘rnida professorlar ham davomat statistikasi va shunga o‘xshash masalalar to‘g‘risida qayg‘urmaydi. Asosiy e’tibor ma’ruzaning sifatli va foydali bo‘lishiga qaratiladi. Ta’lim madaniyati va odatlarimizdagi tafovut yaqqol e’tiborimni tortdi: professorlar o‘z yo‘nalishida xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinligini biladi.
Shuningdek, yana bir qiziq jihat: dars soatlari sezilarli darajada kam, lekin samaradorlik yuqori. Sababi, har bir semestr avvalida professorlar o‘qib, tahlil qilish kerak bo‘lgan katta hajmdagi adabiyotlar ro‘yxatini e’lon qiladi. Talabalar vaqtining katta qismini shu ilmiy adabiyotlarni mustaqil o‘qib, tahlil qilishga sarflaydi. Shu yo‘sinda professor talaba uchun o‘qituvchi emas, balki maslahatchi, malakali suhbatdosh, konsultant yoki yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida gavdalanadi. Qisqasi, professorlar vaqtingizni tejab, sizga kerakli va foydali adabiyotlar ro‘yxatini taqdim etadi. Ma’ruzalar orqali mavzular yuzasidan o‘z qarashi, munosabati bilan o‘rtoqlashadi. Talabalarning savollariga yechim topishga yordam beradi.
Universitetda talabani dahshatga soladigan ikki so‘z — plagiat va korrupsiya. Har bir talabaning ilmiy ishi, izlanishi natijalari universitet tomonidan plagiat, mualliflik huquqiga zid emasligi qattiq nazorat qilinadi. Agar talaba ko‘chirmachilik qilgan bo‘lsa, professorlarga pora taklif qilsa yoki boshqa noqonuniy yo‘llar bilan baho olishga urinsa, universitet ma’muriyati unga jiddiy jazo qo‘llaydi. U talabalar safidan chetlatiladi va o‘qishni boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi.
Chet elda ta’lim olish to‘g‘risida so‘z ketar ekan, bu yerda ko‘pchilikka yoqqan va ilhomlantirgan asosiy jihat universitetni butunlay qamrab olgan haqiqiy ilm dargohi shukuhidir. Oldingizga hech kim kelib, yaxshi o‘qi, harakat qil, o‘z ustingda ishla, demaydi. Kursdoshlaringiz va boshqa talabalarning yam-yashil o‘t-o‘lan ustida joylashib, kutubxonalardan joy topa olmay, zinalarga o‘tirib o‘qiyotgani, dars jarayonida tinmay yozib o‘tirganini ko‘rib, ularga qo‘shilib izlangingiz keladi. Hatto imtihonlar ham noan’anaviy, professorlar og‘zaki imtihon olish uchun talablarni universitet bog‘iga taklif qilishi mumkin. O‘zim bilan bog‘liq misol keltiraman: qiyosiy siyosat fanidan professorimiz imtihon jarayonida tushlik vaqtidan unumli foydalanish uchun sinovni universitet qahvaxonasida davom ettirishni taklif qildi. Shu asnoda meni qahva va shirinlik bilan mehmon qildi. Mana sizga erkinlik, qulaylik va vaqtdan samarali foydalanish.
Ikki yil davomida nufuzli universitetda ta’lim olib, Gʻarb jamiyatida uzluksiz hayot kechirish, boshqa madaniyat, til va qadriyat vakillari bilan muloqot o‘rnatish, dunyoga ularning nigohi bilan nazar solib ko‘rish imkoniyati mendagi ichki transformasiya jarayoniga sabab bo‘ldi. O‘zim uchun nafaqat juda katta ilmiy-akademik, balki hayotiy tajribaga ham ega bo‘ldim. Ushbu ajoyib imkoniyatlar uchun bizni qo‘llab-quvvatlagan davlatimizga minnatdorlik bildiraman. Shuningdek, xalqimiz oldida katta mas’uliyatni ham his qilib turibman.
Hozir yakunlovchi semestrda magistrlik dissertasiyasi ustida ishlayapman. Mavzum Markaziy Osiyo ittifoqi istiqbollari, mintaqaning institusional integrasiyasiga bag‘ishlanadi. O‘qishni tamomlab, yurtimizga qaytgach, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yoshlarga siyosiy fanlardan dars berish, bilim, tajriba ulashish va ilm olishga ilhomlantirish niyatidaman.
Ibrohimjon JO‘RABOYeV,
Rimdagi La Sapiyensa universiteti magistranti,
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati