Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov shu mavzuga toʻxtaldi.
– Maʼlumki, bugun travmatologiya va ortopediya sohasi ham jadal rivojlanyapti. Bu borada mamlakatimiz tibbiyotining salohiyati qanday?
– Toʻgʻri, keyingi yillarda soha rivoji yangi bosqichga koʻtarildi, diagnostika va davolash borasida muhim yangiliklar amaliyotga kirib keldi. Endoprotezlash, koʻkrak qafasi deformatsiyalari, skolioz, artroskopik operatsiyalar, bloklovchi osteosintez operatsiyalar bunga misoldir. Diagnostika sohasida kompyuter tamograf, magnit rezonans tamograf, raqamli rentgen, elektron podometriya, rentgen densitometriya, boʻgʻimlarni UZI tekshiruvi kabi zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.
– Koʻpchilikka uncha tanish boʻlmagan displaziya kasalligi haqida maʼlumot bersangiz. Bunday nuqsoni bor bolalarni yoʻrgaklashda qanday qoidalarga amal qilish kerak?
– Displaziya boʻksa boʻgʻimi shakllanishida yuzaga keladigan nuqsondir. Agar chaqaloqda shunday nuqson boʻlsa, tugʻruq majmuasidayoq ortoped koʻrigi jarayonida aniqlanadi. Soʻngra bunday bolalarning parvarishi va rivojlanishini alohida nazorat qilishda patronaj hamshiraning oʻrni muhim. Xususan, bolani yoʻrgaklashda oyoqlarining orasini keng qilib ochib qoʻyish kerak. Shunda son boshchasi chanoq kosachasiga toʻla kirishi taʼminlanadi va boʻgʻimning toʻgʻri shakllanishiga imkon yaratiladi.
Qolaversa, bolani oʻz vaqtida ortoped koʻrigidan oʻtkazish, belgilangan muolajalarni vaqtida olib, kasallikni bartaraf etish lozim. Aks holda, nuqson tufayli boʻgʻimlar notoʻgʻri shakllanib, keyinchalik jiddiy kasallik yuzaga kelishi mumkin.
– Bolani beshikka belash tayanch-harakat tizimlari rivojlanishiga muayyan darajada salbiy taʼsir etadi deyishadi. Bu borada Siz qanday fikrdasiz?
– Beshikka belash chanoq (buksa) boʻgʻimida displaziya aniqlangan va displaziya bilan davolanayotgan bolalarda ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, qiz bolalarda buksa boʻgʻimining ogʻir darajadagi artrozlarini keltirib chiqarishi va nogironlikka sabab boʻlishi mumkin. Shunday kasalligi boʻlgan bolalarni beshikka belashda ehtiyot boʻlish kerak.
Bolani beshikka yotqizishdan oldin uning vujudi siqib yoʻrgaklanadi, qoʻllari bogʻlanadi, oyoqlari ham bir-biriga juda yaqin qilib oʻraladi. Bu juda notoʻgʻri. Bola vujudi ayni oʻsib-rivojlanadigan davrda bunday oʻrab-chirmab qoʻyish sogʻligʻiga jiddiy salbiy taʼsir qiladi.
Bundan tashqari, baʼzi onalar uy-roʻzgʻor ishlari bilan bandligini roʻkach qilib, bolani beshikda uzoq vaqt qoldiradi. Natijada jadal oʻsadigan davrda bola organizmi erkin harakat qilishdan mosuvo boʻlishi, keyinchalik sogʻligʻiga, ayniqsa, tayanch-harakat tizimlarining risoladagidek rivojlanishiga taʼsir oʻtkazmay qolmaydi.
Shu bois, ona bolani yoʻrgaklashda yuqorida aytganimizdek, oyoqlar orasini katta ochib, qoʻllarini boʻsh qoʻyishi, gavda bemalol harakatlanishi uchun sharoit yaratishi maqsadga muvofiqdir.
Sogʻliqni saqlash vazirligi.