баннер
28 Mar 2025
20:46

    “Bolaning shoʻx boʻlgani yaxshida...”

    Farzandlar taʼlim-tarbiyasiga beparvo ota-onalar eʼtiboriga

    Qoʻshnim bilan mahalla idorasiga yigʻilishga ketayotganimizda yoʻl-yoʻlakay uch-toʻrt yosh-yalang kulib, baland ovozda gaplashib ketardi. Bir qarasangiz, goʻyo hazillashayotganday, lekin juda qoʻpol soʻzlar. Nazarimda, ularning oʻzi ham nima deyayotganini toʻliq anglamaydi, shekilli.

    — Bular oʻzlarini aqlli, zamonaviy, koʻp narsani biladigan etib koʻrsatish uchun shunaqa soʻzlarni ishlatishi odatiy hol boʻlib qoldimi deyman-da, — oʻzicha izoh berdi qoʻshnim. — Oliftagarchilikning bir koʻrinishi.

    Ular mahallamiz bolalarimi-yoʻqmi, bilolmadik. Shunday boʻlsa ham:

    — Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, tanbeh berib qoʻyaylikmi? — dedim. Ammo qoʻshnim: “Mayliku-ya, lekin ular mahalla tugul, ota-onalariga ham quloq tutmaydigan koʻrinadi” degach, indamay qoʻya qoldim.

    Majlislar zaliga oʻn besh-yigirma chogʻli odam toʻplanib boʻlgan ekan. Mahalla raisi bugungi yoshlar, xususan, farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasida kuzatilayotgan salbiy jihatlar haqida kuyinib soʻz boshladi. Muomalasi, yurish-turishlari, kiyinishlari butunlay oʻzgarib ketayotgani, yosh oilalarning ajralishlari xususida koʻp achchiq gaplar aytildi.

    Shu payt eshik ochilib, bugungi hayotining yarmi xorijdan turli atir-upa, kiyim-kechak keltirib sotishu sayru sayohat bilan oʻtayotgan juvon moʻraladi.

    — Assalomu alaykum, qoʻshnilar, yaxshimisiz, Shodivoy aka, — deya mahalla raisiga alohida iltifot koʻrsatib jilmaydi. — Qimmatli vaqtlaringizni olayotganim uchun uzr, albatta. Soat birga uyimizga barchangizni taklif etgani keldim, kenjatoyimizning tugʻilgan kuniga. Alohida uyma-uy kirib aytolmaganim uchun xafa boʻlmaysizlar. Bahonada Dubaydan olib kelgan zoʻr narsalarimni koʻrib ketasizlar. Qoʻshnilarga arzon narxda, — dedi tannozlik bilan qoʻlidagi tilla uzugini oʻynatib.

    — Kiring, oʻtiring, majlisda qatnashing siz ham vaqtingiz boʻlsa, — dedi rais istehzo bilan. Juvon bu kinoyani anglamadi.

    — Yoʻq, rahmat. Hali borishganda aytib berishar nima haqidaligini. Kenjatoy uyda bir oʻzi qolgan. Mehmonlar kelsa-yu, uning oʻzi boʻlmasa, sizlarga hurmatsizlik boʻlmasin tagʻin deb maktabiga ataylab yubormagandim. Oʻtinglar, kutamiz. Xodimlarni ham aytavering, bilasizlar, joy bemalol.

    Nazarida hammasini juda madaniyatli tarzda bajarganiga ishonchi komil boʻlgan juvonga hamma uning ortidan havas bilan qarab qolgandek tuyuldi.

    — Xoʻsh, qayerda qoldik, nimaga kelgandik? — savol nazari bilan yuzlandi mahalla raisi toʻplanganlarga. — Faolroq, oʻrtoqlar, fikr, takliflar beringlar. Bolalarga hozir nimalar salbiy taʼsir koʻrsatyapti? Ularga tarbiya berishga eʼtiborimiz susayib ketmayaptimi?

    — Hammasiga telefon aybdor, dars qilish oʻrniga yarim tungacha shu matohni titkilash bilan band. Soʻrasangiz, telefon orqali dars qil­yapman deydi, — zorlandi yuziga maishat nuqsi urgan yoshgina juvon. — Hamma narsa bilan taʼminlab qoʻygan boʻlsak. Menimcha, maktabda yaxshi tarbiya berishmayapti, shekilli...

    — Klaraxon, gap moddiy taʼminot haqida emas, bolalarimizning tarbiyasi, ­maʼnaviyati haqida boryapti. Qolaversa, tarbiya, avvalo, oiladan boshlanishini nahotki bilmasangiz...

    — Toʻgʻri, oiladan boshlanadi. Lekin oldin iqtisod, keyin siyosat, deyiladi. Hamma yaxshi narsa bolalarga, degan prinsipga amal qilib, avvalo, ularga eng yangi chiqqan narsalarni olib beramiz. Oʻqishiga kelsak, oʻgʻlim imkon qadar chuqur bilim olishni xohlagani uchun maktab va oʻquvchilar oʻrtasidagi shartnomaga koʻra, 5-sinfda qayta oʻqish uchun kontraktini yana bir yilga uzaytiribdi.

    Bu gaplarga uch-toʻrt kishi kulib yubordi. Mahalla raisi ham juvonning bu gaplari hazilmi-chinmi, anglay olmay soʻradi:

    — Qanaqa kontrakt? Oʻzi siz bolalaringiz oʻqiydigan maktabga borganmisiz? Qiziqqanmisiz oʻqishlari bilan?

    — Ish koʻpligidan vaqt ajratolmayapman. Hozir hamma joyda kontrakt, kredit degan narsalar koʻpayib ketgan-ku. Zamon juda tez oʻzgaryapti, bular maktablarda ham boʻlsa kerak-da, oʻgʻlim shunaqa dedi. Yaʼni oʻz ixtiyori bilan bilimini mustahkamlamoqchi, menimcha.

    — Aslida, maktabda oʻzingizni qayta oʻqitish uchun siz bilan shartnoma tuzish kerak, shekilli.

    — Voy, man maktabda oʻqiganman, byudjetda oʻqiganman!

    — Tushunarli, mahalladoshlar, masalaga jiddiyroq qaraylik.

    Mahalla raisi shundan soʻng yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ­ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzgʻunchi va radikal oqimlar taʼsiriga tushish holatlari davom etayotganiga urgʻu berdi. Bunga beparvolik, loqaydlik bir kun pand berishi mumkinligini taʼkidladi. Uch-toʻrt kishi “Toʻgʻri-toʻgʻri”, deya bosh irgʻab maʼqulladi. Lekin koʻpchilik tez-tez telefondagi soatga qarab qoʻyar, oʻrtada shivir-shivir ham koʻpaydi.

    — Ha, oʻrtoqlar, hamma gaplarga qoʻshilamiz, vahima qilishga hojat yoʻq. Bunday majlislar kerak, lekin soat bir boʻlyapti. Klaraxon kutib qoldi, tugʻilgan kunga oʻtmasak, xafa boʻladi. Keyin davom ettirarmiz, — dedi butun yigʻilish davomida mizgʻib oʻtirgan qoʻshnilardan biri. Xuddi shuni kutib turgandek, hamma oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

    Ularning ortidan kuzatib qolgan mahalla raisining yodiga beixtiyor mashhur “Uchrashuv” filmidagi bir epizod tushdi. Unda otasiga bezori oʻgʻlidan shikoyat qilib kelgan qoʻshnilar oʻrtasida bunday gap-soʻzlar boʻladi:

    — Bunchalik vahima qilmang, Shodivoy. Bolalik qilib urishgan boʻlsa, urishgandir. Toʻgʻri, oʻgʻlimiz shoʻxlikka shoʻx. Bolaning shoʻx boʻlgani yaxshi-da...

    — Oldini oling, tartibga chaqiring, deyapman-da.

    — Men sizga aytsam, Shodivoy aka, burun deganning oʻzi moʻrt boʻladi. Sal narsaga shovillab qon oqib tushaveradi. Ha, endi qoʻl-poʻli tegib ketgan boʻlsa, qonasa-qonagandir... Shunga ham tartib-intizom deb oʻtirsak, qanday boʻlarkan, Shodivoy aka?!

    Rustam BOYTOʻRA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech