– Isajon aka, Oybek domlaning “Navoiy” romanidan qariyb 80 yil o'tib, buyuk mutafakkir va shoir hayot yo'lini yangi sahifalarda yoritishga ahd qildingiz. Bu salmoqli qadam yangi ma'lumotlar va o'ziga xos badiiy uslub bilan ajralib turishi kerak edi. Siz bu qutlug' tarixni “tiriltirish” jarayonida qanday manbalarga asoslanib kuch va jasorat topdingiz?
– eng avvalo, ushbu asar yangilanayotgan vatanimizda amalda qaror topgan ijod va so'z erkinligi mevasi, desak haq gapni aytgan bo'lamiz. Chunki ustoz Oybek ijod qilgan davr bilan bugunimiz o'rtasida er bilan osmoncha farq bor.
Qisqa davr mobaynida yurtimizda milliy adabiyotni ravnaq toptirish uchun ko'p ishlar qilindi. Hech bir mamlakatda o'xshashi yo'q muhtasham Adiblar xiyoboni barpo etildi, Yozuvchilar uyushmasiga yangi, havas qilsa arzigulik bino qurib berildi, qalam ahli uchun zamonaviy oromgohlar tashkil qilindi, adib va shoirlarning ijod maktablari ochildi. O'zbek adabiyoti hech bir zamonda bunday katta e'tibor ko'rmagan, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Yana bir muhim jihat – tilimizga e'tibor. Bu xayrli tashabbus ham davlatimiz rahbariga tegishli. Prezidentimiz “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonni va “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi qonunni imzolashi bilan birga, BMT Bosh Assambeyasi minbarida tarixda ilk bor ona tilimizda nutq so'zladi. Vazirlar Mahkamasida Ma'naviyat va davlat tili departamenti tuzildi, uning faoliyat mezonlari belgilab berildi, tegishli qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilindi.
Bunday ezgu tashabbuslar, mamlakatdagi yangilanishlar ijodkorlarni ruhlantirib yubordi, albatta. Ayni shu ilhombaxsh jarayonlar “Alisher Navoiy” asarining dunyo yuzini ko'rishiga sabab bo'ldi.
Siz so'z yuritgan manbalar haqida gap ketganida dastlabki ikki Renessans bilan bog'liq mulohazalarimni aytishni istayman. Chunki so'z aynan ilm-fan, badiiyat va davlat munosabatlari haqida ketmoqda.
Birinchi va ikkinchi Renessans davrida, agar mamlakat hukmdorlarining homiyligi bo'lmasa edi, olimlar darbadarlikka mahkum edilar. Bu borada ulug' mutafakkir Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati misol bo'la oladi. Allomaning yoshlik yillari afrig'iylar sulolasi hukmdorligi davriga to'g'ri keldi. Ushbu sulola vakili bo'lmish olim Mansur ibn Iroq murabbiyligida u dunyo fanlarini o'rgandi, Xorazmning er yuzidagi o'rnini aniqladi va birinchi globusni yasadi. Bu paytda u o'smir yoshida edi.
Beruniy Jurjon va Tabariston hukmdori Kobus ibn Vushmgir homiyligida “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Sferika” asarini, xalifa Ma'mun panohida jug'rofiya va geometriyaga oid tamal asarlarini, sulton Mahmud G'aznaviy panohida “Hindiston” risolasini, Mas'ud G'aznaviy homiyligida “Mineralogiya” hamda “Qonuni Mas'udiy” asarlarini yaratdi.
Azbaroyi ushbu g'amxo'rlikning e'tirofi o'laroq, olim o'zining mashhur “Osorul-boqiya” asarining kirish qismida bunday yozadi: “Tangri yordamiga sazovor, ne'matlar egasi bo'lgan janob xojamiz ulug' amir SHams al-Maoliyning – Xudo uni doimo qudratli aylasin! – oliy davlatidan quvvat olib, butun kuchimni yig'ib, goh eshitish, goh ko'rish va qiyos qilish orqali, bilimim etganicha, ushbu narsalarni bayon qilishga bel bog'ladim. Keyin muborak xizmat libosini kiyganligim ham o'sha mendan so'ralganlarni oliy taxt egasi uchun isbot etib berishga, shu bilan Shams al-Maoliyga yangidan xizmat etib, shonu sharafi asrlar va uzoq zamonlar osha kelgusi avlodga mendan meros bo'ladigan faxr liboslarini kiyishga, shu asarni yozishga meni jur'atlantirdi. Agar Amir – Tangri doimo uning fikrini yuqori qilsin! – bu qulning jasoratidan ko'z yumib, uzrini qabul etsa va uni sharaflasa, inshaalloh, to'g'ri fikr yuritgan bo'ladi”.
Qarang, ulug' mutafakkir o'z kitobining yozilishiga sababchi bo'lgan va homiylik qilgan Shams al-Maoliyni duo qilib, “asrlar bo'yi mangu yashaydigan” – mangulikka daxldor kitobida unga o'z minnatdorlik bildiryapti. Bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fanga e'tibor qay darajada ekani hammaga ayon. Shular qatorida ijodga e'tibor ham yuksak darajada. YUrtimizda ro'yobga chiqayotgan ulkan hayotbaxsh jarayonlar va ilhomlanishlar natijasida yozilgan “Alisher Navoiy” romani yuksak baholanishining asosiy sababi ham shunda, ya'ni jamiyatimizning ulug' bobomizga bo'lgan ulkan hurmati va mehr-muhabbatida, deb bilaman.
Romanning yozilishiga kelsak, eng yangi tadqiqotlar qatorida yana bir qancha manbalarni izlab topishga to'g'ri keldi. Misol uchun, Alisher Navoiyning Xoja Hasan Arhangiy qo'lida navkarlik xizmatida bo'lgani yoki sulton Husayn Mirzoning raqibi Muhammad Yodgor Mirzoni hibsga olishi voqeasi. Bu haqda Xondamir o'zining “Makorim ul-axloq” va “Habib us-siyar” asarlarida xabar beradi.
YAna bir ulug' ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida Xurosonning Kobul, Hirot va boshqa shaharlari tabiati haqida mufassal ma'lumot qoldirgan. Misol uchun, sulton Abulqosim Bobur 1456 yilda Mashhadga safar qiladi. Buning sababi Hirot qishining sovuq va Mashhad havosining iliqligida bo'lgan. Bularni Bobur Mirzodan hamda bugungi aniq meteorologik ma'lumotlardan topsa bo'ladi.
Ko'hna manbalarda Astrobod haqida ma'lumot oz. Biroq hazrat Navoiy Astrobodda uzoq vaqt qolishni istamagani ham haqiqat. Manba kutilmaganda ibn Battuta sayohatnomasidan chiqib keldi. Ibn Battuta Astrobodni mufassal tavirlaydi, havosi rutubatli va dardlarga sabab ekanini aytadi. SHuningdek, u erdagi tuz cho'li haqida ma'lumot beradi. Ushbu cho'l hozir ham bor bo'lib, u Dashti Kevir deb atalar ekan.
YAna biri Hirot daryosi. Sulton G'aznaviy zamonasidayoq shaharlar qamali vaqtida qal'aga kiradigan suvlarni to'sib qo'yish taktikasi bo'lgani uchun shahar daryodan ancha uzoqda qurilgan.
Umuman, tabiat o'zgarmagan va olti yuz yil avvalgi o't-o'lan, dov-daraxt, qurtu qush va jonzotlar haliyam o'sha-o'sha. Ayni shu jihat asarda tarixiylikni tasvirlashda qo'l keladi. Masalan, hazrat Navoiyning “Tuxm erga kirib, chechak bo'ldi, Qurt jondin kechib, ipak bo'ldi” misralaridagi lola urug'i yoki er qurti – ipak qurtini ulug' bobomiz ayni Hirot bog'larida yoki Hirirud irmoqlari sohilida ko'rmaganmikin?
U mahalda Xurosonda turli qabila va elatlar yashagan: luriylar, g'uriylar, pashojiylar, lamg'oniylar... Bu elatlarning ba'zilari hozir ham mavjud. Masalan, shunday qabilalardan biri yozni Xurosonda, qishni Peshavorda o'tkazadi, ko'chmanchi bu qabila yo'l-yo'lakay qo'shiq aytib, tirikchilik qiladi. Bunday qorishiq mamlakatni boshqarish oson bo'lmagan, albatta.
Yoxud qo'shin tanzimotini ayting. YOy va o'qlarning turlari, qurol-aslaha nomlari, qo'shin tuzilishi, jang taktikasi va hiylalarining o'ziyoq bir doston. Bobur Mirzoda “zehgir” degan so'z qo'llaniladi, u nima ekan desangiz, yoy ipini torganda barmoqqa kiyiladigan angishvonasifat moslama ekan.
Kechagina ba'zi mavzulardagi asarlar nashr etilishi qiyin ish edi. Bugun esa qalam ahli o'zi istagan mavzuda qalam tebratishi va chop ettirishi mumkin. Misol uchun, jadidlar davridagi murakkab vaziyatlar, mustamlakachilarga qarshi ayovsiz kurash olib borgan yurt fidoyilari – qo'rboshilar va bosmachilar haqida asarlar yoki yana bir taqiqlangan mavzu – e'tiqodlar masalasida ham asarlar yozilyapti va bahosini olyapti. Ya'ni bugunning ijodkori tamomila hur va erkin, marhamat, istagan asarini yozsin. Xalqiga, millatiga xizmat qilsa bas.
– Istagan asarini yozsin deymiz-u, adiblarimiz yaratishi kutilayotgan asarlar yozilganlaridan chandon ko'pligi ham yodga keladi...
– Prezidentimiz shu yilning 12 yanvar` kuni Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlar akademiyasiga qilgan tashrifi davomida oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlarda ta'lim olayotgan o'quvchilar qalbida milliy ruh, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg'usini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarimizning boy jang san'atidan keng foydalanish muhimligini ta'kidlab o'tdi. Xotira va xotirlash kunidagi nutqida esa o'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi jasorati va fidokorligi mavzusiga to'xtalib, birinchi o'zbek aktrisasi Mas'uma Qorieva taqdiri haqida so'zladi.
31 avgust kuni Shahidlar xiyoboni ziyorati vaqtida: “Biz shu vaqtgacha tarixning o'zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o'tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g'ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi – hammasini haqqoniy yozish kerak”, deb ta'kidladi.
Shunday yoniq chorlovlardan so'ng qalam ahli qanday qilib tinch o'tira olsin? Bu borada men adib va shoirlarimizni yangidan-yangi ta'sirchan asarlar yaratishga chorlagan bo'lardim.
Barcha chorlovlarning mohiyati ulug' maqsadga – yurtimizda Uchinchi Renessans poydevori yaratilishiga kelib taqaladi. Bu, avvalo, tafakkur tarzi o'zgarishida namoyon bo'ladi. Maqsadlarimizni yanada qutlug' manzillarga yo'naltirishimiz kerak, qobiliyat va bilimimizni ulug' g'oyalar uchun sarflashimiz kerak. Qarang, Ma'mun akademiyasidagi bir necha olim ne-ne ishlarni amalga oshirdi. Tarixni olomon emas, shaxslar yaratadi, tarixlarga esa mamlakatda ro'y bergan ulkan voqea-hodisalar asos qilinib olinadi.
Bu ishlar yurtimiz kishilarining aql va zako kuch-qudratini dunyoga tarannum etishi bilan birga, o'ta jiddiy va muhim bir o'rnakni belgilab beradi: inson degan sharafli nomga loyiq bo'lib, o'zligini namoyon qilish va hayotda rozi-rizolik bilan yashash!
Yana bir misolni sulton Mirzo Ulug'bekda ko'ramiz. Ne-ne jangu jadallarda g'alaba qozongan mahoratli hukmdorning ilm-fanga rag'bati faxru g'ururga arziydi. Jahon tarixida bunday hukmdorlar kamdan-kam uchraydi.
Demak, Uchinchi Renessans poydevori, eng avvalo, onglarda yaralishi kerak. Bunga esa mutafakkir jadid bobomiz Abdulla Avloniyning o'tgan asr boshidagi vaziyat haqida kuyinib yozgan quyidagi so'zlari misol bo'la oladi:
“Otalarimiz bolalarig'a o'qutmak va ta'lim bermak o'rnig'a, “O'g'lim, endi kattakon yigit bo'lding, shuncha o'qiganing etar, pul top!” deb hammollik qildirishni yaxshi ko'rurlar.
Ishchilarimiz ilm va hunardan mahrumligi sababli boshqa millatlar ilmu ma'rifatlari soyasida kuniga to'rt-besh so'm ishlab turgan bu zamonda kuniga uch tangaga mardikorlikni, oyiga o'n besh so'mga qorovullikni, yigirma so'mga fonar yoqishni, o'n so'mga ko'nka yo'lini tozalashni va shularga o'xshash eng past va og'ir xizmatlarni yaxshi ko'rurlar”.
Yoki yana bir ma'rifatparvar bobomiz To'lagan Xo'jamyorov deydi:
ey qo'lum, pul tutma hech, millatga yordamlashmasang,
Bo'lma xushnud, ey dilim, millat g'amin g'amlashmasang,
Ravshan o'lma, ey ko'zum, yoshing to'kub namlashmasang,
Fikrim, ochilma, agar she'ring yozib hamlashmasang,
Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang.
Shunday muazzam jarayon ichida ekanmiz, bajariladigan ishlar va yoziladigan asarlar juda ko'p ekanini ko'ramiz.
Alisher Navoiy bobomizni quyosh, ijodkorni ko'zgu deb faraz qiladigan bo'lsak, u haqda yozilgan asar o'sha quyoshning millionlab qalblardagi akslaridan bittasigina, xolos. U buyuk zotning har bir asarining yaratilishi, faoliyati, umrining har bir yili bir romanga mavzu bo'la oladi, albatta.
– Yozuvchi sifatida yangilanayotgan yurtimiz kishilarida yana qanday o'ziga xos jarayonlarni kuzatasiz?
– Yaqinda Farg'ona viloyatida adabiyot kunlari tantanalari bo'lib o'tdi. Shu tantanalar asnosida kishilarimizning milliy adabiyotga bo'lgan mehri va tashnaligi namoyon bo'ldi. Ha, sog'lom fikr va sog'lom adabiyotga intilish kuchayibdi. Bu, albatta, davlat rahbarining besh tashabbusi va kitobxonlikni targ'ib qilish bo'yicha chorlovlarining natijasi.
Ayni paytda butun mamlakat bo'ylab yangilanish jarayonlari hukm surmoqda. Qarang, xizmat ko'rsatishda ham, ishlab chiqarishda ham yangi tizimlar joriy bo'ldi. Birgina “yagona darcha” yoki davlat xizmatlari tizimi qancha narsani o'zgartirib yubordi. Xizmat ko'rsatish sohasi misli ko'rilmagan darajada o'sdi. elektron to'lov tizimi kirib keldi. Me'morlikda katta o'zgarishlar yuz berdi. Qishloq xo'jaligida, og'ir va engil sanoatda, tibbiyotda, farmatsevtikada, ta'limda tub yangilanishlar davom etmoqda. Boshqacha aytganda, hozir yurtimizda “noldan birni yaratish” jarayoni sodir bo'lmoqda. Ushbu ko'lamdor vazifa bajarilgach, keyingisiga – “birdan mingni yaratish” bosqichiga o'tiladi. Ayni shu bosqich Uchinchi Renessansning poydevori bo'ladi.
Bu shunchalar hayotbaxsh va teran g'oyaki, kishini to'lqinlantirib yuboradi. Axir gap o'ttiz besh million kishining javharidagi yaratuvchanlik qobiliyatini uyg'otish haqida bormoqda. Bu shunchalar qudratli kuchki, butun insoniyat aql-zakovati etib borgan chegaraning naryog'iga etaklab bora oladi. Yoshlarga e'tibor va ulardagi iste'dodni ro'yobga chiqarish g'oyasi zamirida ham shu maqsad turibdi.
Shu sababli “ustoz va o'quvchi” tizimiga “ota-ona” halqasining qo'shilishi haqidagi g'oya ham juda o'rinli. Bu murabbiylar, yoshlar va ularning ota-onasining orzu-umidlarini yagona bir maqsad sari etaklaydi. Dunyo fanlarini puxta egallashlariga yo'l ochadi. Olamda yangi fanlar paydo bo'lmoqda va insonlarni yangi ufqlar sari undamoqda. Gap o'ta zamonaviy uskunalarni ishlata olish haqida so'z bormoqdami yoki kelajakda o'shanday uskunalarni yaratish haqidami? Misol uchun, sun'iy intellekt dunyo ilm-fani etib kelgan eng so'nggi bosqichdir. Lekin bilim va malaka etarli bo'lsa, uni o'z bolalarimiz bemalol uddalashadi.
Bu qiziqarli jarayonni kuzatar ekansiz, beixtiyor o'qib-o'rganib, shu borada nimalardir qilgingiz keladi. Hayotga ham, ijodga ham birday taalluqli holatlarga duch kelasiz. Qarang, sun'iy intellekt algoritmlarida “if”, ya'ni “agar” degan qoida bor. Aytaylik, sun'iy intellektga olmani izlab topish buyrug'i berildi. Uning shakli, rangi, xususiyatlari xotiraga kiritilgach, “agar”dan iborat buyruqlar to'plami keladi. Intellekt o'sha ko'rsatkichlarga mos keladigan narsani topmaguncha izlashda davom etaveradi. Ana endi buni hayotga tatbiq qilib ko'raylik-chi. eh-he, motivatsiyaning mahobatini ko'ryapsizmi? “Maqsadga etmaguncha izlanishda davom et!” – o'z-o'zidan shior chiqib turibdi. Inson zakosi yaratgan uskunaki, shu qoida asosida ishlasa, uni yaratgan zako-chi? Yurtimizning minglab yoshlari ana shunday aqlli qurilmalarni yaratish salohiyatiga ega emasmi? “Senda sultonlar xazinalaridagina bo'ladigan noyob oltin xanjar bor, nahotki uni sabzi to'g'rashga ishlatsang?” deydi ulug' mutafakkir Jaloliddin Rumiy zakovat haqida so'z yuritar ekan. U iste'dod fikrni ro'yobga chiqarish qudratiga ega emasmi? Inson zakovati har doimo taraqqiyotning asosi bo'lib kelgan. Bor-yo'g'i bir uskuna shu tamoyilga ko'ra e'tiborga sazovor bo'lar ekan, har bir kishimizning javharida maxfiy turgan “zako” degan qudrat ro'yobga chiqishi uchun nimalar qilish kerak?
Ya'ni, davlatimiz rahbari aytganidek, yaratuvchilik xususiyatini uyg'otib olish kerak. CHunki yangiliklar va kashfiyotlar sodir bo'ladigan yagona maskan – fikrlovchi kishining ongi. Kun kechirish, pul topish, yaxshi yashash hissini emas, bunyodkorlik shavqini “tanishtirib” olsak, qolgani o'z-o'zidan keladi.
Adabiyotga kelsak, u ham tarix, faqat o'ziga xos tarixdir. Adabiyot ilmida “epik janrlar” degan tushuncha bor, mazkur janrlar butun boshli davrni, ya'ni “epoxa”ni qamrab oladi, zamon kishilarining qalbiga nazar solib, uni hayotda tutib turgan va kelajakka etaklaydigan qudratni tahlil qiladi. Uzoq va yaqin tariximizda ham, bugunimizda ham shunday asarlarga mavzu bo'larli voqealar etarli. SHu bilan birga, bugunning kishisi kechagidan ancha farq qiladi: u endi bilim va ma'rifatning qadriga etadigan, taraqqiy etgan mamlakatlar fuqarolari noil bo'lgan erkinliklarni his qila boshlagan kishidir. Jamiyatda ham, tadbirkorlikda ham, boshqaruvda ham qanday katta o'zgarishlar ro'y berganini barcha ko'rib-bilib turibdi. Ayni shu jarayonlar yangi O'zbekistonda yashayotgan bugungi kun kishisi haqidagi asarlarga tamal mavzu bo'la oladi va bu borada yangidan-yangi epik asarlar yaratiladi deb o'ylayman.
– Hazrat Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonida “Layli ishqin tanimda jon qil”, deydi Majnun Yaratganga yolvorib. Bu ishq munojoti tasavvufning yorug' va abadiy hikmatlari siz yaratgan tarixiy asarlarni ham, o'ta zamonaviy bitiklaringizni ham bitta umumiy yashil ip bilan bog'lab turadi. Siz bu mulohazamizni qanday izohlagan bo'lardingiz?
– Shu o'rinda ming marta shukr qilaman: mumtoz adabiyotimizning asos mohiyati sifatida asrlar bo'yi yashab kelgan ushbu san'at haqida bugun hech qanday cheklovlarsiz, ochiq-oydin so'z yuritish mumkin. Bu, albatta, bugun yurtimizda qaror topgan erkinliklar natijasidir.
Shu o'rinda tasavvuf haqida yana bir mutafakkir alloma - Abu Rayhon Beruniyning so'zlarini keltirib o'tsam: “Sufiylar hakim, ya'ni hikmat egalaridir. Arab harfida “sin” bilan yozilgan yunoncha “suf” so'zi bizcha hikmat demakdir, – deb yozadi buyuk alloma yunon falsafasida “sofistika” deb nomlangan, borliqni bilish va anglash haqidagi fanga ishora qilib. Beruniy bobomiz nigohi bilan qarasak, hazrat Alisher Navoiyning qanchalar tengsiz olim ekani oydinlashadi.
Alisher Navoiy hazratlarining “Layli va Majnun” dostoni bu boradagi shoh asardir. Uning “kaliti” u zot bitgan misralarda yashiringan. “Yozmoqta bu ishqi jovidona, Maqsudim emas edi fasona”, ya'ni: “Bunday ishq dostonini yozishdan maqsadim afsona aytish emas edi”, deydi hazrat. Demak, Beruniy ta'riflagan va Navoiy asarlarida tarannum etilgan ushbu hikmat yo'li insonning ibodati va munojotigina emas, balki butun borliq va koinot, uning yaralishi, mavjud qonuniyatlari va betakrorligini idrok etish fani deyish mumkin. Bunday tushunish esa dunyoning barcha fanlariga - fizika, biologiya, tabobat, farmakologiya, mexanika, astronomiya, matematika va boshqalarga keng yo'l ochib beradi. Buyuk ajdodlarimiz merosi shu nuqtai nazardan, ya'ni borliqni bilish va mohiyatini idrok etish jihatidan tadqiq qilinsa, yana ancha-muncha zalvorli ilmiy va badiiy asarlar yaratilishi shubhasiz, albatta. Mening bitiklarimga kelsak, shunday azim daryo sohilida turgan kishi yana nima ham qila olardi-yu, bunday buyuk shaxsiyatlarga cheksiz ehtiromdan, ular insoniyatga taqdim etgan tengsiz xazinalarga ulkan hayratdan boshqa nimayam qo'lidan kelardi?
– 2011 yilda “Qismat” hikoyangiz AQShning Chikago shahrida chop etiladigan “Lexicon” adabiy nashri tanlovining, 2015 yilda esa “Bog'i eram” hikoyangiz Turkiyaning Antaliya shahrida chiqadigan “Güncel Sanat” jurnali xalqaro tanlovining g'olibi bo'ldi. “Hazrati Xizr izidan” asaringiz 2017 yilda Buyuk Britaniyada OCABOOK xalqaro forumida g'olib deb e'tirof etildi, “TODD” hikoyangiz esa Rossiya Federatsiyasida o'tkazilgan “Buyuk g'alabaning qahramonlari” tanlovining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Adabiy Vena” (Avstriya), “Sehrgarlar hadyasi” (AQSH), “Organik proza” (Rossiya) xalqaro tanlovlarida ham o'z asarlaringiz bilan ishtirok etgansiz. Xalqaro anjumanlarda adabiy tanqidchilar va adiblar o'zbek adabiyotining qaysi jihatlariga ko'proq e'tibor qaratishadi? Umuman, jahon adabiyoti maydonidagi bugungi muhit va uning talablarini qanday baholaysiz?
– Ha, bu tanlovlarning ba'zilarida e'tirofga erishish nasib qildi. Lekin men bu e'tiroflarni o'zimning emas, balki shu buyuk xalq yaratgan muhtasham buloqlarning, ya'ni o'zbek badiiy tafakkurining e'tirofi deb bilaman. Bu madaniyat bo'lmasa, e'tirof qaydan bo'lardi?
Xalqaro tanlovlarning asosiy jihati – taqdim etilgan asarlarda originallikka, ya'ni betakrorlikka va kreativlikka – ijodiy yondashuvga ko'ra baho beriladi. Chunki butun dunyo yangi g'oyalarni, tevarak-atrofda sodir bo'layotgan voqea-hodisalarga yangicha yondashuvni izlaydi. Albatta, so'z bu erda tafakkur tarzi haqida bormoqda. Bugun jamiyatimiz ham shuni istamoqda, butun o'lka “kreativlik” deb bong urmoqda. Ishlab chiqarishga, sanoatga, xizmat ko'rsatishga – barcha-barchasiga kreativ yondashish, muammolarning shu kungacha ko'rilmagan yangi echimini topish borasida so'z bormoqda. Ayni shunday talab badiiy asarlarga ham taalluqli.
E'tiroflar yoqimli albatta, lekin dunyo bilan bo'ylashishga chog'lanib, tortinibroq turgan yosh ijodkorlarimizga aytgan bo'lardimki, xalqaro tanlovlarda ishtirok etishning o'ziyoq muhim. Avvalo, qatnashuvchi kishi dunyo xalqlari ijodkorlarining turli ifoda usullari va tushunchalaridan xabardor bo'ladi. Qolaversa, yaqin-yaqingacha bunday tanlovlarda to'g'ridan-to'g'ri ishtirok etish imkonimiz yo'q edi. O'zbek adabiyoti ko'p yillar davomida temir to'siqlar ostida yashab keldi. Nainki xalqaro tadbirlar, balki yaratilajak badiiy asarga ham mafkuraviy talablar qo'yilgani sir emas. U to'siqlarni aytsangiz, hozirgi avlod hayron bo'lib tinglaydi. “Buncha yillik mahdudlik davridan so'ng turli-tuman xalqaro tanlov qatnashuvchilari ro'yxatida yurtimiz nomini va ijodkorlarimiz asarlarini ko'rishning o'ziyoq katta gap”, desangiz, nega bunday deyilayotganiga lol qoladi.
Lekin barchamizning qalbimizda yorug' bir umid porlab turadi: olamni o'z tafakkuri bilan lol qoldirgan ne-ne zotlarni tuhfa qilgan yurt shunday kishilarni nega yana va yana etishtirib chiqarmasin? Davlat madhiyamizdagi “Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan zamon” degan chuqur ma'noli so'zlarning mohiyati shunda namoyon bo'ladi: u qudrat susayib, zaiflashib qolgani yo'q, balki yangi g'ayrat-shijoat bilan dunyoga yuzlanmoqda.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi