Mutaxassislar qayd etishicha, insoniyat ming yillardan buyon tegirmonni yurgizish va dengizda yelkanli kemalarda harakatlanish uchun uning kuchidan foydalanib kelgan. Oʻrta va keyingi asrlarda Yevropa mamlakatlarida undan sanoat va qishloq xoʻjaligida keng miqyosda foydalanilgan. Yurtimizda ham yaqin paytlargacha bugʻdoy, arpa va boshqa boshoqli ekinlar donini yoki mayizni ajratib olishda shamol yaqin koʻmakchi boʻlgani yaxshi maʼlum.

Shamolning yillik nazariy zaxirasi Yer yuzidagi barcha energiya resurslaridan 100-marta ortiq boʻlib, ayni vaqtda dunyodagi bu turdagi barcha qurilmalarning yillik quvvati 743 gegavattdan oshadi. Endilikda bu raqam yiliga 10–15 foizga ortib borishi basharot qilinmoqda.

Maʼlumki, 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 0,3 kub metr tabiiy gaz, oʻrtacha 2,5 kilogramm koʻmir sarflanadi. Koʻmir asosida ishlaydigan quvvati 1 megavattli stansiya atmosferaga 1 ming 800 tonna uglerod va 13 tonna azot oksidlarini chiqaradi. 1 megavatt quvvatli shamol generatori esa, 20 yil davomida 29 ming tonna koʻmir yoki 92 ming tonna neftni iqtisod qiladi. Shamol generatorlaridan olinadigan quvvat ekologik eng toza elektr energiyasi hisoblanadi.

Shu bois, dunyo boʻyicha shamol energiyasidan foydalanish katta tezlikda oʻsmoqda. Agar 2000-yilda dunyodagi barcha davlatlarda shamoldan 17,4 gegavatt energiya olingan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2014-yilda 389,5 gegavattni tashkil qildi, yaʼni 14 yil davomida shamoldan elektr energiyasi olish 20 barobar oshdi. Undan keyingi davrda esa 353,5 gegavattdan ortiqqa oʻsdi.

Shamoldan elektr quvvati olish boʻyicha Xitoy dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Jahondagi mazkur energiyaning qariyb uchdan bir qismi uning ulushiga toʻgʻri keladi.  AQSH, Germaniya, Ispaniya kabi rivojlangan davlatlar keyingi oʻrinlarni egallaydi. Daniya 2025-yilda elektr energiyaga boʻlgan talabning uchdan ikki qismini, Buyuk Britaniya 2030-yilga borib barcha ehtiyojni shamol energetikasi hisobidan qoplashni rejalashtirgan. Yevropaning boshqa davlatlarida ham mazkur muqobil quvvat yuqori tezlikda rivojlanmoqda.

Qolaversa, shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi narxi ham arzonlashib boryapti. 2010–2020-yillar orasida quruqlikdagi shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻrtacha narxi 56 foizga arzonlab, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi 8,9 sentdan 3,9 sentgacha pasaygan.

1 trillion kilovatt-soatga yaqin elektr quvvati

— Shamoldan elektr energiyasi olish uchun uning oʻrtacha yillik tezligi sekundiga 3 metrdan yuqori boʻlishi kerak, — deydi geografiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Rasuljon Mamajonov. — Undan hosil boʻlgan quvvatlar akkumulyatorda toʻplanadi va soʻng tarmoqqa uzatsa boʻladi. Tezligi sekundiga 3 metrdan kamroq epkinli shamoldan ham kichik quvvatdagi elektr energiya hosil qilish mumkin, lekin undan foydalanib boʻlmaydi.

Oʻzbekistonda Yer yuzasidan 20–30 metrdan 80 metrgacha balandlikda shamolning yillik oʻrtacha tezligi sekundiga 4,5 dan 5,5 metrgacha yetadi. Buni 2014-yilda Germaniyaning “GEONET” va “Inter-COPA” kompaniyalari “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan birgalikda olib borgan oʻlchash va kuzatish ishlarida aniqladi. Bu yumushlar 84 metr balandlikda bajarildi va mazkur maʼlumotlar asosida “GEONET” tomonidan Oʻzbekiston hududining shamol resurslari xaritasi tuzildi. Unga koʻra, shamol sekundiga 5 metrdan 6,5 gacha va undan yuqori tezlikda boʻlgan hududlar mamlakatimiz umumiy maydonining 70–75 foizini, sekundiga 3 dan 5 metrgacha esadigan joylar 20–25 foizni va 2,5 dan kam boʻlgan hududlar 5 foizga yaqin maydonni tashkil etadi. Mazkur raqamlar respublikamizning 95 foiz hududida shamol energiyasidan foydalanish imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanib, aholi ijtimoiy hayotining yaxshilanib borishi energetika resurslariga boʻlgan talabni oshirmoqda. Bunda shamol resurslari xaritasi qoʻl keladi. Ushbu xarita asosida Energetika vazirligi tomonidan ikki istiqbolli hududlar belgilangan. Ana shundan kelib chiqqan holda, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi janubida shamol energiyasi salohiyatini aniqlash maqsadida tadqiqotlar olib borildi. Ularning har birida shamol tezligi va yoʻnalishi, havoning zichligi va haroratini aniqlaydigan oʻlchov asboblari joylashtirilib, balandligi 85 metrli meteorologik ustunlar oʻrnatildi. Mazkur oʻlchov uskunalari yoʻldosh aloqa tizimi vositasida keyingi tahlil uchun maʼlumotlarni serverga onlayn tartibda uzatadi. Bu maʼlumotlardan investitsion loyiha tayyorlashda shamol generatorining eng optimal birlik quvvatini aniqlash va potensial elektr energiya ishlab chiqarishni hisoblashda foydalaniladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, ayni paytda Oʻzbekistondagi qayta tiklanuvchi energiyaning yillik elektr quvvati, jumladan, quyosh energiyasiniki — 525 dan 760 milliard kilovatt-soatgacha yetsa, shamol energiyasiniki — 1 trillion kilovatt-soatgacha, yaʼni eng katta manbaga ega hisoblanadi.

Bundan bir necha yil oldin tajriba tariqasida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida 750 kilovatt quvvatli shamol qurilmasi tiklangan edi. Shundan keyin yurtimizning turli joylarida ayrim fermer xoʻjaliklari va kompaniyalar tomonidan shunday qurilmalar qurilgan va ular ishlab turibdi.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda shamol energetikasidan keng foydalanish boʻyicha sohada texnik-iqtisodiy izlanishlar oʻtkazilib, “2020–2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi” ishlab chiqilgan. Ayni paytda yurtimizda 5 ming megavatt quvvatli shamol elektr stansiyalari (SHES)ni qurish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilanmoqda.

Eʼtiborli tomoni, Oʻzbekistonda SHESlarini qurish uchun aniqlangan yer maydonlaridagi shamol potensiali jahonda mavjud shamol elektr stansiyalarining oʻrtacha koʻrsatkichlaridan yuqori hisoblanadi. Yaʼni, quvvatdan foydalanish koeffitsiyenti taqqoslanganda, mamlakatimiz koʻrsatkichi jahondagi oʻrtacha meʼyordan 1,5 barobar yuqori turadi.

Bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 2,57 sent

Beruniy va Qoraoʻzak tumanlaridagi shamol elektr stansiyasi qurilishiga oʻtgan yil 24-fevral kuni tamal toshi qoʻyilgandi. U bir yillik emas, koʻp yillarga tatiydigan loyiha sifatida baholanayotganining asoslari bor. Chunki, Qoraqalpogʻistonda oʻnlab yillar davomida energetika tanqisligi aholini qiynab keldi. Hududda yagona boʻlgan va bundan 66 yil avval qurilgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi oʻsib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun yetarli boʻlmay qoldi. Shuning uchun ushbu stansiya 680 million dollar evaziga modernizatsiya qilinib, 560 megavattga teng quvvatlar ishga tushirildi.

Endilikda zamonaviy shamol elektr stansiyasining barpo etilishi aholi, ijtimoiy-iqtisodiy inshootlarni barqaror elektr quvvati bilan taʼminlashi barobarida, xorijiy investorlar uchun korxona qurish yoki xizmat koʻrsatishda zarur boʻlgan infratuzilma imkoniyatlarini kengaytiradi. Binobarin, yaqin istiqbolda Qoraqalpogʻistonda 2 ming 500 ta yangi korxona tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini qariyb 2 barobar oshirish rejalashtirilgan. Bunday maqsadlarga erishishda yaydoq dashtlaru moviy kengliklarda millionlab yillardan buyon esib yotgan shamolning beminnat quvvati ham katta kuch beradi.

Qoraqalpogʻistonda 100 megavattli shamol elektr stansiyasini barpo etish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik koʻmagida tender eʼlon qilindi va unga 70 ta kompaniya hamda konsorsium qiziqish bildirdi. Ular orasidan keyingi davraga 20 ga yaqin talabgor chiqdi. Bundan bir yil oldin boʻlib oʻtgan tanlovda davlat-xususiy sheriklik asosida ishlab chiqariladigan shamol energiyasi uchun eng past tarif — 1 kilovatt-soat elektr uchun 2,56 sent taklif qilgan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi gʻolib deb topildi.

— “ACWA Power” kompaniyasi 100 megavatt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasini quryapti, — deydi Energetika vazirligi boshqarma boshligʻi Abdulla Otaboyev. — Stansiya 2024-yilda foydalanishga topshiriladi. U ishga tushgach, yiliga 350 million kilovatt-soat elektr quvvati ishlab chiqarib, 120 mingdan ortiq xonadonni muqobil energiya bilan taʼminlaydi. Yana bir muhim jihati, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 106 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 160 ming tonna zararli chiqindi chiqishining oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 35 mingta xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin.

Loyiha qiymati 108 million dollarni tashkil etib, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yuz foiz investor tomonidan moliyalashtiriladi. Stansiyada 25 ta shamol turbinasi oʻrnatiladi. 20 kilometr boʻlgan 220 kilovatt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyasi qurilib, bu quvvatlar mamlakat yagona energetika tizimi bilan toʻliq ulanadi. 100 nafar malakali muhandis va texnik xodimlar yuqori daromadli doimiy ish bilan taʼminlanadi.

“Biz uzoq yillik mijozimiz “ACWA Power” kompaniyasini va Oʻzbekistonning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurilishini qoʻllab-quvvatlashdan faxrlanamiz. Orolboʻyi mintaqasi shamol va quyosh resurslaridan foydalanish hisobiga oʻz iqtisodiyotini tiklamoqda”, — dedi yaqinda Samarqandda oʻtkazilgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik konferensiyasida mazkur xalqaro moliyaviy muassasaning Barqaror infratuzilma guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad.

Shu oʻrinda qayd etib oʻtish joiz, Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasida boshlangan bu loyiha “yashil energiya” ishlab chiqarish boʻyicha “birinchi qaldirgʻoch” hisoblanadi. Kelgusi besh yilda bu hududda quvvati qariyb 1 ming 800 megavatt boʻlgan yana 3 ta shamol stansiyasi ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda.

Umuman olganda, bugungi kunga qadar YETTB Oʻzbekistonda umumiy quvvati 2 ming 700 megavattlik qayta tiklanadigan energiya quvvatlari yaratishni moliyalashtirdi. Shuningdek, mamlakat umumiy quvvati 2 ming megavatt boʻlgan shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha tender dasturi ustida ish olib bormoqda.

“ACWA Power” kompaniyasi Oʻzbekistonda umumiy quvvati 2 ming 600 megavatt boʻlgan issiqlik va shamol elektr stansiyalarini qurishda ishtirok etyapti. Xususan, Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 megavattdan boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi barpo etilib, 2024-yilda ishga tushirishi moʻljallangan.

— Ushbu stansiyalar uchun shamol generatorlari maxsus mashinalarda Xitoydan olib kelinadi, — deydi Energetika vazirligi yetakchi mutaxassisi Obidjon Dilmurodov. — Ikki stansiyada tiklanadigan 158 turbina mazkur davlatning “Envision” kompaniyasida tayyorlanadi. Yaqinda Peshku tumanida barpo etilayotgan stansiyada shamol turbinasi uchun dastlabki poydevor qurib bitkazildi va agregatlarni montaj qilish ishlari jadal davom ettirilyapti.

Ikki stansiya ishga tushgach, yiliga 3,6 milliard kilovatt-soat elektr quvvatlari hosil qilinadi. Buning natijasida yiliga1,1 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va ayni kezda 1 million tonna miqdoridagi zararli moddalar havoga chiqishining oldi olinadi.

Olimlarning hisob-kitobiga koʻra, jahon iqtisodiy rivojlanishi bois 2030-yilga borib elektr energiyasiga boʻlgan talab asr boshidagiga nisbatan 50 foiz oshadi va bu boradagi ehtiyoj 23,27 milliard tonna shartli yoqilgʻini tashkil etadi. Oʻz navbatida, bu atrof-muhitga yetkaziladigan zarar yanada kuchayib borishidan dalolat beradi. Mutaxassislar mazkur muammoni hal etishning eng samarali yoʻli sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish, bu borada yangidan yangi texnologiyalarni joriy etishni tezlashtirishni ilgari surishadi.

Aslida ham keyingi davrda dunyoda “yashil energiya”dan foydalanish miqyosi kengayib boryapti. Misol uchun, 2019-yilda jahon energetikasi umumiy hajmida muqobil quvvatlar salmogʻi 26,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilga kelib bu koʻrsatkich 28,1 foizga yetdi. “Ember” tahliliy markazining qayd etishicha, 2022-yilda Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarda gazga qaraganda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan koʻproq elektr quvvati hosil qilingan.

— Oʻtgan yili Yevropa Ittifoqi tarixda birinchi marta quyosh va shamoldan gazga nisbatan koʻproq elektr energiyasi ishlab chiqardi va biz joriy yil yana qayta tiklanadigan energiya muhitini ikki barobar oshirishga harakat qilamiz, — deydi Yevrokomissiya Raisi Ursula fon der Lyayen. — Biz innovatsiyalarga asoslangan ijtimoiy iqtisodiyotga qadam qoʻymoqdamiz. Ittifoq boʻylab katta va kichik shaharlar gullab-yashnab, oʻzlarining barqaror imkoniyatini boshlamoqda. Bu Yevropa “yashil” bitimi va harakatlarining amaliy natijasidir.

Maʼlumotlarga qaraganda, Shotlandiya, Islandiya, Kosta-Rika, Urugvay kabi davlatlarda umumiy energetika miqdorining qariyb barchasi, Shvetsiya, Germaniya, Daniya kabi mamlakatlarda deyarli teng yarmi va undan koʻprogʻi muqobil energiya hissasiga toʻgʻri keladi. Dunyoda eng koʻp “yashil energiya” ishlab chiqaradigan Xitoy esa, 2025-yilga borib uning umumiy miqdorini 25 foizga koʻtarishni rejalashtirmoqda.

Oʻzbekistonning bu boradagi rejalari ham tahsinga sazovor. Taraqqiyot strategiyasida barcha sohalarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda ularga “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini faol joriy etish belgilangan. Bunda 2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard kilovatt-soatga oshirib, jami 100 milliard kilovatt-soatga, mazkur muddatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gazni tejash maqsad qilingan. Bundan tashqari, 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazish reja qilingan.

— Joriy yilning oʻzida umumiy quvvati 4 ming 300 megavatt boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, 2 ming 100 megavattlik yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi moʻljallangan, — deydi Abdulla Otaboyev. — Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish, isteʼmolchilarni muqobil energiyaga oʻtkazish va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish imkoni yaratiladi. Ushbu maqsadlarga jami 15,4 milliard dollar, shundan 13,4 milliard dollari — davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida investorlar mablagʻlari, 1,1 milliard dollari — tijorat banklari kreditlari, 610 million dollar — korxonalarning oʻz mablagʻlari, 150 million dollari — xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablagʻlari va 100 million dollari davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan yoʻnaltiriladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda muqobil energetika sohasida 7,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalar tayyorlanmoqda.

Muxtasar aytganda, shamol, quyosh, gidro va boshqa muqobil energiyalar tabiatning insonga inʼom etgan bitmas-tuganmas va ekologik toza resurslari hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, taxminan 100–150 metr balandlikdagi shamolning energiya quvvati hozir dunyo boʻyicha insonlar ishlatayotgan elektr energiyasi quvvatidan 30 marotaba katta ekan. Atmosferada 1000–10000 metr balandlikda kuchli, doimiy esadigan shamollar bor. Kelgusida texnikaviy taraqqiyot ulardan ham foydalanish imkoniyatini yaratishiga hech bir shubha yoʻq. Olimlar ayni kunda avtomobil, poyezd, samolyot va boshqa transport vositalariga oʻrnatilgan maxsus qurilmalar yordamida ularning harakatlanishi jarayonida yuzaga keladigan havo qarshiligidan elektr energiyasi hosil qilish ustida izlanishlar olib boryapti. Demak, bu kabi texnologiyalar ham koʻp vaqt oʻtmay kechagina orzu boʻlib tuyulgan shamol elektr stansiyalari kabi insoniyatga beminnat xizmat qiladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi