Murojaatchi M.D.ning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil 6 iyunda Toshkent viloyati Nurafshon shahri xotin-qizlar bo‘limida xotin-qizlar faoli lavozimiga ishga qabul qilingan. Lekin ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilmagan. Ishga qabul qilingani to‘g‘risidagi buyruq nusxasi ham berilmagan.

Zarur sharoitlar yaratib berilmaganiga qaramasdan, M.D. xizmat vazifasini bajarib kelgan. Uch oydan so‘ng esa sirtqi ta’limda o‘qishi va orada betob bo‘lib qolgani sababli sinov muddatidan o‘ta olmaganlik vaji bilan bo‘shatib yuborilgan. Uning boquvchisi yo‘qligi va voyaga yetmagan farzandlari borligi ham inobatga olinmagan.

Vaholanki Mehnat kodeksining 84-moddasiga muvofiq, dastlabki sinovni o‘tash haqida mehnat shartnomasida shartlashilgan bo‘lishi lozim. Bunday shartlashuv bo‘lmagan taqdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanishi belgilangan.

Fuqaro M.D. Nurafshon shahri hokimligining ishdan bo‘shatish bo‘yicha farmoyishi va buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topish va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritgan. Lekin sudning 2022 yil 14 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi rad etilgan.

Murojaatchi Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi hududiy vakili qabuliga kelganida unga mehnat qonunchiligi bo‘yicha batafsil huquqiy maslahat berildi. Apellyatsiya tartibida shikoyat kiritishi kerakligi, unda qanday jihatlarga e’tibor berishi kerakligi tushuntirildi. Shuningdek, Ombudsmanning hududiy vakili sud jarayonida kuzatuvchi sifatida to‘liq ishtirok etdi va sudga qo‘shimcha da’vo kiritilishida huquqiy yordam berdi.

Toshkent viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2023 yil 29 martdagi ajrimiga ko‘ra, fuqaro M.D.ni ishdan bo‘shatishga oid hujjatlar g‘ayriqonuniy deb topildi va u ishga tiklandi.

Shuningdek, javobgar — Toshkent viloyati Nurafshon shahri hokimligidan da’vogar M.D foydasiga 6 oylik majburiy progul uchun 22 mln 635 ming so‘mdan ortiq ish haqi va 3,5 mln so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.