Oqibat koʻz oʻngimizda. Yoʻq-yoʻq, faqat koʻz oʻngimizda emas, oʻzimiz, farzandlarimiz, nevaralarimiz jismidagi dardlarda, demak, tanimizdagi ogʻriqlarda namoyon boʻlmoqda.
Gap isboti bilan. Ekologiyadagi salbiy oʻzgarishlar sabab kasalliklar yosharib bormoqda. Birgina suyak yemirilishi yoki onkologik kasalliklarni olaylik. Mutaxassislar aytishicha, bu kabi kasalliklar avvallari 50-60 yoshdan keyin kuzatilgan. Hozir 18 yoshli yigitda suyak yemirilishi boshlanganini koʻp eshitib qolamiz...
Togʻlardagi buloqlar qurib boryapti. Daryolar suvi tortilgan. Toza havodan nafas olish ham muammoga aylanmoqda. Abadiy muzliklar koʻz oʻngimizda eriyotganiga nima deysiz?!
Gapirsak gap koʻp. Bugun insoniyat oldida esa bitta savol koʻndalang turibdi: atrof-muhit ifloslanishini, tabiatni qanday asrab qolamiz?
Hozir butun dunyo shu achchiq savol qarshisida lolu hayron. Toʻgʻri, faol va jiddiy harakatlar boʻlyapti. Ammo qayta tiklanish, muvozanatni avvalgi oʻzaniga tushirish biz kutgandek emas. Shu bois, barchamiz, hukumat darajasida, xalq nazorati darajasida bu muammoga hayot-mamot masalasi sifatida qarashni bir zum ham toʻxtatmasligimiz zarur.
Yangi Oʻzbekiston siyosatida iqlim oʻzgarishlari, ekologik inqiroz va tabiatni asrash masalasiga juda jiddiy eʼtibor qaratilayotganing boisi shunda.
Keling, endigi gapni yil nomi bilan davom ettiraylik. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili», deb eʼlon qilindi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida yilimiz nomi va maqsadlari bilan bogʻliq oʻta muhim chora-tadbirlar taqvimi belgilangan.
Hozir ulardan ayrimlarini sanasak.
Jumladan, joriy yilgi davlat dasturida:
- birinchi — mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
- ikkinchi — aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish;
- uchinchi — tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash;
- toʻrtinchi — oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash;
- beshinchi — “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish kabi masalalar oʻrin olgan.
Ha, albatta, bunday chora-tadbirlar oʻz samarasini berishi tabiiy. Lekin, yuqorida taʼkidlaganimizdek, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishda doim yangi-yangi yoʻllarni qidiraverishimiz zarur.
Prezidentimiz kuni kecha imzolagan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon, “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror tabiatni asrash yoʻlida barchamizga yangi maqsad va rejalar, yangicha tafakkur ulashishi bilan ham ahamiyatlidir.
Endilikda tizimda eng muhim qanday oʻzgarishlar boʻladi?
Birinchidan, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tashkil etiladi. Qoʻmita bevosita Prezidentga hisobdor boʻladi, har qanday davlat organlaridan mustaqil faoliyat yuritadi, ularning mansabdor shaxslariga qoʻmita ishiga aralashish taqiqlanadi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining alohida tashkil etilishi va tashkilot mustaqil faoliyat yuritishi ayni muddao. Boisi, shundoq ham jiddiy xavfga aylanayotgan iqlim oʻzgarishlari, atrof-muhitga, yashillik olamiga boʻlayotgan tajovuzlarning oldini olish soʻroq ostida qolayotgan, bu borada turli koʻzboʻyamachiliklar, koʻrib koʻrmaslikka olishlar, tabiatga nisbatan jinoiy harakatlarni legallashtirish kabi holatlar tez-tez uchrab turgan bir sharoitda mazkur qoʻmitaning mustaqil faoliyat yuritishi maqsadga muvofiqdir. Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishda taʼsirchan choralar koʻrish mexanizmi taʼminlanishi maqsad qilingan.
Endigi masala yangi tashkil etilgan qoʻmita oʻz oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni soʻzsiz va vijdonan taʼminlashda qoladi, xolos.
Ikkinchidan, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya tashkil etiladi.
Bu amaliyot koʻplab rivojlangan davlatlarda qoʻllanilib, yaxshi samara berib kelmoqda. Masalan, AQSH, Germaniya, Rossiya va Yevropa davlatlarida “yashil xavfsizlik kuchlari” sifatida faoliyat yuritadigan mazkur tizim oʻzlarining faol harakatlari bilan atrof-muhit muhofazasini taʼminlashda qoʻl kelmoqda.
Endi Oʻzbekistonda ham ish boshlayotgan ekopolitsiya harakati har birimizni hushyorlik va ogohlikka chorlab kelishi bilan taʼsir koʻrsatsa, bu faqat biz va kelajak avlodlarimiz uchun foydadan boshqa narsa emas.
Uchinchidan, Ekologiya qoʻmitasining hududiy va tuman (shahar) boʻlimlari mahalliy hokimliklar tuzilmasiga kirmaydi va oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshirib, qoʻmita oldida hisobdor boʻladi.
Bu oʻzgarish ham ekologik barqarorlikni taʼminlashda katta ahamiyatga ega. Chunki ayni paytga qadar ekologik huquqbuzarliklar, aytaylik, daraxt kesilishi bilan bogʻliq holatlarning bir uchi koʻpincha hududiy hokimliklarga borib taqalardi. Tabiiyki, unga chora koʻrishga masʼul tashkilot hokimlik tizimida boʻlgani uchun “yopiq qozon yopiqligicha” qolaverardi.
Endi unday boʻlmaydi. Zero, farmon va qaror bilan belgilangan vazifalar, shu asosda yoʻlga qoʻyiladigan yangi tizimlar mavjud muammolarning oldini olish, ekologik nazorat va jamoatchilik faolligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Bizning vazifamiz — kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrish»dir.
Toʻrtinchidan, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarga daraxt va butalarni kesish va koʻchirishni nazarda tutuvchi har qanday shakldagi hujjatni qabul qilish qatʼiyan taqiqlandi.
Bu juda muhim va yurtdoshlarimizning haqli eʼtirozlariga adolatli javob boʻlgan qaror ekanini taʼkidlashni istardik. Demak, endilikda daraxtlarni kesish uchun parda ortidagi harakatlarga chek qoʻyiladi.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizda tabiatga nisbatan nafratli harakatga koʻzimiz tushdi. Koʻp qavatli obyektlardan birida daraxtlarni qasddan yoʻqotish uchun ularga boʻyoq sepilayotgan tasvirlar tarqaldi.
Ochigʻi, ularga nima deyishga ham hayronsan kishi. Bunday harakat va maqsadni hech bir bahona bilan oqlab boʻlmaydi axir. Demoqchimizki, daraxtlarni kesishga davlat boshqaruvi organlari ruxsatini bekor qilish yaxshi, albatta. Ammo ularni qasddan yoʻqotishga boʻlgan urinishlardan saqlanishimiz kerak boʻladi.
Beshinchidan, 2026-yil 1-apreldan mahalla ahlining kamida 10 foizi rozilik bildirgan taqdirda, mahalla hududidagi daraxtli yer maydonini olib qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq kiritiladi. Bu taqiq kadastr bazasida ham aks etadi.
Biz yuqorida xalq nazorati haqida gapirgan edik. Bunda katta umummilliy birdamlik harakati bor.
Gap shundaki, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy birlashuv hodisasi kuzatilmoqda. Bu, aytaylik, jamoaviy sport — futbolda erishayotgan natijalarimizda, aholi oʻz hududini obod qilishga boʻlgan intilishlari — “Ochiq byudjet” platformasi harakatlarida, qabul qilinayotgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga nisbatan bildirilayotgan fikrlar, jamoaviy muhokamalar va hokazolarda koʻzga tashlanmoqda.
Endi atrof-muhitni asrash yoʻlida ham birlashish uchun huquqiy asos yaratilmoqda. Bir daraxtni kesish xalq bilan muhokama qilinadi, ularning roziligi olinadi, rozilik berilmasa, demak, bu daraxt yana gullab-oʻsaveradi.
Tabiat inson tuygʻulari va mehrli ong bilan tirik. Insoniyat ruhi ham tabiat ruhi bilan uygʻun. Har ikkisi bir-biridan ayro yashay olmaydi. Tiriklik va hayotiylik, dunyoviy taqdirlar davomiyligi shu falsafa mohiyati bilan taʼminlanadi. Shunday ekan, biz bugun daraxtlarni kesish, atrof-muhitga zarar yetkazib, muvaqqat foyda olish yoʻllarini emas, tabiat bilan birgalikda taraqqiy etish maqsadlarini koʻzlab yashashimiz kerak boʻladi.
Davlatimiz rahbarining “Inson, jamiyat, iqtisodiyot va tabiatning uygʻun ravishda rivojlanishi — ajdodlarimizdan meros qadriyatdir. Shu maʼnoda, umumiy maqsadimiz atrof-muhitni asrab-avaylash, bioxilma-xillikni saqlash, inson hayotining tabiat bilan uygʻunligini taʼminlashdir”, degani gaplari zamirida ham ana shu hayotiy haqiqatni anglaymiz.
Demak, bugun bizning oldimizda tabiat musaffoligini taʼminlash bilan bogʻliq insoniy vazifalar turibdi. Ularni vijdonan amalga oshirish bugungi va ertangi hayotimiz, kelajak avlodlarimiz oldidagi qarzimizdir. Prezidentimiz kuni kecha imzolagan farmon va qaror ana shu maqsad va vazifalar yoʻlida barchamiz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Salim DONIYOROV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
2025-yil 20-noyabr, 241-son