Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, Yoshlar parlamenti, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish boʻyicha hamda aholiga boshqa xizmatlar koʻrsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda, xizmatlar koʻrsatish uchun tegishli soliq toʻlovlaridan ozod etilgan, biroq ushbu imtiyozlar boshqaruv tashkilotlari faoliyatida tatbiq etilmayotganligi turli kelishmovchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Ushbu boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida kommunal xizmat koʻrsatish sohasida, shu jumladan, koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanishda qonunbuzilish holatlarining oldini olishga, koʻp kvartirali uylardagi muhandislik-texnik kommunikatsiyalarini va uyning konstruktiv qismlari tayanch qobiliyati va zilzilaga bardoshliligini saqlab qolish hamda aholining xavfsiz yashashiga sharoit yaratib berilishiga erishiladi.

Shuningdek, Qoʻmita majlisida “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

“Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonun normalari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotganligi qayd etildi.

Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeks sudya ishni avval koʻrib chiqish chogʻida arbitraj sudining arbitri sifatida ishtirok etgani bois aynan ushbu ishni yana qayta koʻrib chiqishda ishtirok etishi mumkin emasligi va rad qilinishi lozimligini nazarda tutuvchi qoʻshimcha;

arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni iqtisodiy sudlar sudloviga kiritishni nazarda tutuvchi yangi norma;

arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvo boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddatini uni arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvo boʻyicha taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan koʻrilgan taʼminlash choralarini bekor qilishni nazarda tutuvchi yangi norma bilan toʻldirilmoqda.

Bundan tashqari, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga arbitraj hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi arizalar yuzasidan toʻlanadigan davlat boji undirish asosi va miqdorini belgilovchi oʻzgartirishlar kiritilayotganligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura organlarining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot muhokama qilindi.

Muhokamada Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini, shu jumladan, muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini saqlashga doir qonunlar ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish masalalariga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Taʼkidlanishicha, prokuratura organlari tomonidan 4 187 nafar fuqaroga 7 mlrd soʻm kechiktirilgan ish haqi va boshqa toʻlovlar undirib berilgan. Shu bilan birga, 29 milliard soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar talon-toroj qilinganligi aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan.

Aholi bandligini taʼminlash borasidagi qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bilan bir qatorda, 170 mingga yaqin fuqaro, jumladan,

46 802 nafar yoshlar va 34 804 nafar xotin-qiz prokuratura koʻmagi bilan ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, ehtiyojmand oilalarning sharoitini yaxshilash maqsadida prokurorlar sektorlarida yashovchi 152 598 ta oilaga har tomonlama koʻmak berilgan. 146 365 ta oila mahalliy Kengashlar qarorlari asosida ehtiyojmand oilalar roʻyxatidan chiqarilgan.

Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyat yuritishiga toʻsiq boʻlayotgan omillarni bartaraf etish maqsadida

29 mingdan ortiq tadbirkor va investorlarga, shu jumladan 481 nafariga bino, 3 532 nafariga yer, 1 496 nafariga litsenziya va ruxsatnomalar, 9 243 nafariga kredit ajratilishida amaliy yordam berilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning 269 906 tasi bevosita prokuratura organlarida hal qilingan. 312 386 nafar fuqaro qabul qilinib, muammolarini hal etish choralari koʻrilgan.

Shu bilan birga, majlisda prokuratura organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar qayd etib oʻtildi.

Jumladan, aholi sogʻligʻini saqlash, jumladan, reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishni taʼminlashdagi muammolar oqibatida yuqumli kasalliklar va goʻdaklar oʻlimi sezilarli darajada oshgan.

Xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga doir vazifalar ijrosi yetarli taʼminlanmaganligi oqibatida respublika boʻyicha 750 050 nafar yoshlar, 856 595 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlanmagan. Oqibatda 27 931 nafar yoshlar hamda 9 759 nafar xotin-qiz jinoyat sodir etgan.

Shuningdek, tadbirkorlarga oʻz vaqtida amaliy yordam berilmaganligi sababli 46 985 ta tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatini tugatgan. 10 258 tasi faoliyatini turli sabablarga koʻra toʻxtatgan.

Muhokama davomida taʼkidlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.