Bu haqda Sport vazirligi xabar berdi.
Shu yilning 16-avgust kuni Sport vazirligida Oʻzbekiston kurash federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, hududiy kurash federatsiyalarining mutasaddilari, tegishli mutaxassislar, delegatlar ishtirok etgan konferensiyada oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda milliy sportimiz boʻlgan kurashni rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi rivojini qoʻllab-quvvatlash, zarur infratuzilmani yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Xususan, Yevropa, Amerika, Osiyo, Afrika va Okeaniya qitʼasining bir qator davlatlarida kurash turnirlari, turli chempionatlar, seminar-mashgʻulotlar oʻtkazib kelinishi asnosida milliy sportimizning xalqaro rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kurash boʻyicha “Bosh prokuror kubogi” musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, targʻibot ishlarini kuchaytirish kabi masalalar boʻyicha tushuntirishlar berildi.