Bu haqda «Oʻzbekneftgaz« axborot xizmati maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, «Oʻzbekneftgaz« AJda Bosh vazir oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Boshqaruv raisi lavozimiga tasdiqlangan Abdugʻani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va soha oldida turgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan sohani har tomonlama rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga qaramay kutilgan natijalarga erishilmayotgani tanqid qilindi.
Ushbu holatlarni bartaraf etish boʻyicha eng avvalo, geologiya-qidiruv va qazib chiqarish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, har bir yoʻnalish faoliyatini qatʼiy va samarali choralar asosida qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, kompaniya strukturasini xalqaro standartlar asosida joriy qilish, yangi boshqaruv yondashuvlarini qoʻllash, strategik loyihalarni amaliy natijaga yoʻnaltirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar formatini tahlil qilish, mavjud moliyaviy resurslardan samarali foydalanish lozimligi alohida qayd etildi.
Yigʻilishda yangi rahbar qatʼiyatli, ishonib berilgan har bir topshiriqqa masʼuliyat bilan yondashishi, ishda eng avvalo, tartib va intizomga amal qilib, vazifalarni sidqidildan bajarishi alohida eʼtirof etildi.
Abdugʻani Sanginov qisqa muddatlarda Jamiyatni transformatsiya qilish boʻyicha yangi Strategiyani qabul qilish va jamoa bilan birdamlikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishini bildirdi
Prezident topshirigʻi bilan sohadagi boshqaruvni yanada kuchaytirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilingani qayd etilib, mazkur qaror tarmoqda tizimli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.