Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra,  «Seven Tree» loyihasining umumiy qiymati 27 milliard so‘m bo‘lib, uning faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 150 yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu maskan qisqa muddatda barpo etilib, Toshkent viloyatidagi yirik turistik majmualari qatoriga kiradi hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi. 

Bo‘stonliq tumanining turistik manzillariga nisbatan mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarning qiziqishi kun sayin ortib bormoqda. Masʼullar tomonidan tadbirkorlarning eng sara loyihalari tanlab olinib, amalga oshirilmoqda. O‘ziga xos uslubda yaratilgan yangi obyekt hududida 10 ta o‘tov, 14 uycha, basseyn, turk saunasi, bilyard va tennis zali hamda 100 o‘rinli kafe mavjud. 

Taʼkidlash joizki, «Seven Tree» dam olish maskanining ishga tushirilishi nafaqat Toshkent viloyati, balki respublikamizga tashrif buyurayotgan sayyohlar va mahalliy aholining bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish uchun ayni muddaodir.