Tomonlar Oʻzbekistonda togʻ-dor yoʻllarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. “Doppelmayr”ning texnik mutaxassislari Boʻstonliq va Zomin tumanlarida boʻlib, joylarda dor yoʻllarini qurish imkoniyatlarini oʻrgandi. Uchrashuv davomida Zominda ikkita gondol-kreslo tipidagi dor yoʻli hamda togʻ-changʻi trassalariga xizmat koʻrsatish uchun uchta koʻtaruvchi moslama qurish masalasi muhokama etildi. «Amirsoy»da ham qoʻshimcha ravishda gondol turdagi dor yoʻli hamda togʻ-changʻi trassalariga xizmat koʻrsatuvchi bir necha koʻtaruvchi moslama qurish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, yana ikkita manzarali dor yoʻlini qurish koʻzda tutilgan.

Oʻrganish ishlari doirasida ushbu jarayonlarni tezlashtirishga oid muzokaralar oʻtkazildi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Avstriyaning “Doppelmayr” kompaniyasi dor yoʻllarini qurish va ularni kreslo koʻtarmalar va gondollar bilan jihozlashga ixtisoslashgan. Kompaniya Kitsbyuyel (Avstriya), Koblens (Germaniya) va Uistler-Blekkomb (Kanada)da uch dorli “3S” gondollarni ishlab chiqarish boʻyicha birinchi boʻlgan. U shuningdek koʻtarmalarda isituvchi kreslolar kabi qator innovatsion mahsulotlar bozorida ham faol.