Boylar oʻz xarajatlari uchun davlat byudjetidan dotatsiya olmasligi kerak — Bobur Bekmurodov

    “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov shu yil 16-aprel kuni qabul qilingan Hukumatning yoqilgʻi-energetika sohasida islohotlarni nazarda tutuvchi qarori borasida oʻz munosabatini bildirdi.

    Uning taʼkidlashicha, islohotlar bilan birga, masʼul vazirlik va idoralar ayrim istisnolarni inobatga olishi kerak.

    "Albatta, Oʻzbekistonning energetika tarmogʻi tub islohotlarga muhtoj, shu munosabat bilan tariflarni oʻzgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarur.

    Islohotlar bilan birga, biz masʼul vazirlik va idoralarni quyidagilarni inobatga olishga chaqiramiz:

    - Qaror ijrosi doirasida markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yoʻq hududlardagi sharoitlarni hamda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanligini hisobga olish zarur;

    - Energetika vazirligi yuqori kuchlanish boʻlganda maishiy texnikalariga zarar yetgan isteʼmolchilarga kompensatsiya toʻlash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur;

    - Hukumat davlat byudjetidan energiya tarmogʻini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablagʻlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashi kerak;

    - Xorijiy tajribani oʻrganish ham muhim. Masalan, differensiyalangan tariflar qoʻllaniladigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori boʻlgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi.