“Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi tomonidan “Britancha” shtammni genetik aniqlash jarayoniga taxminan 5 kun vaqt sarflandi. Bu jarayon ancha murakkab hisoblanib, har bir bosqichini alohida nazorat qilish talab etiladi.

Shu kungacha markaz tomonidan “Britancha” shtamm mavjudligi ehtimoli boʻlgan COVID-19 virusi aniqlangan 33 nafar bemorning burun boʻshligʻidan olingan surtmalar tekshirildi.

Birinchi bosqichda — barcha taqdim etilgan namunalarning koronavirus RNKsi DNK shaklga oʻtkazildi. Sababi, virus RNK shaklda boʻlib, u bilan ishlash uchun uni avval DNK shaklga oʻtkazish talab etiladi.

Ikkinchi bosqich Real Taym PSR reaksiyasi yordamida “Britancha” shtammning marker mutatsiyasi skriningi oʻtkazildi. Bu usul ham markaz olimlari tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, ilk bor real bemorlar tahlilida qoʻllanildi.

Bu usulni optimallashtirishga toʻgʻri kelgan boʻlib, bir qator takror tajribalar oʻtkazish orqali, xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun zamin yaratilgan. Aynan mana shu bosqichda biz shubhali namunani aniqladik, ammo mazkur namunada “Britancha” shtammga xos boʻlgan qator boshqa mutatsiyalar ham mavjud ekaniga ishonch hosil qilish kerak edi.

Soʻngra namunani sekvenlashga (genlarning DNK ketma-ketligini aniqlashga) tayyorlandi. Buning uchun koronavirus genomi uchastkalari sunʼiy sharoitda koʻpaytirilib, tozalanadi. Bu eng qiyin jarayon hisoblanib, bir qator reaksiyalar qoʻlda amalga oshirilishiga toʻgʻri kelgan. Keyin esa DNKning qayta ishlangan va tayyorlangan boʻlaklari apparatga — sekvenatorga joylanib, bevosita genetik tahlili qilingan.

Uchinchi bosqich — soʻnggisi hisoblanib, unda olingan natijalar kompyuterda qayta ishlandi, xalqaro maʼlumotlar bazasidagi genetik ketma-ketliklar bilan solishtirildi. “Britancha” shtammga xos qator mutatsiyalar mavjudligi tasdiqlanganidan keyingina maʼlumotlar Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etildi”.