Tadbirda Yevropa davlatlarining toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mutaxassislari, Yevropaning yirik ishlab chiqaruvchilari, toʻqimachilik mahsulotlari chakana savdo korxonalari rahbarlari hamda moda olami vakillarining ishtirok etishi kutilyapti.

Konferensiya yevropalik hamkorlar bilan Yevropa Ittifoqining import qiluvchi toʻqimachilik sanoatining tuzilishi va tashkil etilishi, Oʻzbekistondan toʻqimachilik importi standartlari, toʻqimachilik, kiyim-kechak va moda boʻyicha YEI importidagi hozirgi tamoyillar singari dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha fikr almashish imkonini beradi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi paxta, toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlariga qoʻshilgan qiymat zanjiri boʻyicha taqdimotni oʻtkazadi, shuningdek, respublikaning paxta va toʻqimachilik sanoatida yangi sanoat siyosati asoslari, tarkibiy oʻzgarishlar hamda Oʻzbekistonda paxta va toʻqimachilik bozorini rivojlantirish haqidagi maʼlumotlarni oʻrtoqlashadi.

Konferensiya doirasida, shuningdek, B2B formatida muzokaralar tashkil etiladi. Unda oʻzbekistonlik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining aniq biznes takliflari taqdim etiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.