Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.
Birinchidan, qaror bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda:
- 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) ommaviy savdolarga chiqariladi;
- 1028 ta koʻchmas mulk obyekti ommaviy savdolarga chiqariladi;
- 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladi;
(Oʻzbektelekom, Oʻzbekgidroenergo, Olmaliq KMK, Oʻzbekgeologiyaqidiruv, Oʻzbekgeofizika - 2 foizdan; Tovar-xomashyo birjasi - 2,4 foiz; Temiryoʻlkargo, Oʻztemiryoʻlkonteyner - 4 foizdan; “Toshkent” RFB, Oʻzbekiston pochtasi, UzAuto Motors Powertrain, Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish - 5 foiz).
Ikkinchidan, davlat aktivlarini sotishni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
- davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi;
- 2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil boʻlgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi beriladi;
- davlat koʻchmas mulkini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan yer va mol-mulk soliqlari ushbu obyektlar uchun toʻlangan mablagʻlarga proporsional ravishda hisoblanadi.
Uchinchidan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini sotishni tezlashtirish maqsadida quyidagi tartib oʻrnatilmoqda:
- yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oyda sotilmaganda, boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda – 10 foizigacha pasaytiriladi va toʻlovlarining 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
- 4 va 5-toifadagi tumanlarda joylashgan davlat aktivlari va mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha toʻlovlar 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Yer uchastkalarini sotib olganda ularni garovga qoʻyish uchun talab etiladigan amaldagi 35 foiz toʻlov miqdori 15 foizga tushirilmoqda.