“Bu zavodlar, topilayotgan konlar eng avvalo oʻzbek xalqiga manfaat olib kelishi kerak. Har bir “skvajina”ni “siz” deyishimiz kerak. Axir bu Allohning xalqimizga bergan neʼmati-ku. Buni qadriga yetishimiz kerak.
Afsuski, uzoq yillar biz unaqa qilmadik. Qayerdan kon topsak, sotdik. Topdik, sotdik. Eng alam qiladigani, oʻzimizni boyliklarni xorijdagilarga yalingudek boʻlib sotdik. Xalqni oʻylamadik. Xuddi Oʻzbekistonda vaqtincha yashayotganday ish tutdik, “ertaga bu yurtda nima boʻlsa ham menga qizigʻi yoʻq” degan prinsip boʻldi.
Endi bunaqa boʻlmaydi. Alloh taolo oʻzbek xalqiga bergan boyliklari faqat xalqimizga xizmat qilishi kerak. Boshqacha boʻlishiga yoʻl qoʻymayman.
Endi gazimizni arzongarovga chetga sotmasdan, oʻzimiz qayta ishlaymiz va koʻproq daromad olamiz. Mana, paxta boʻyicha xuddi shu tizimni yoʻlga qoʻya oldik-ku, gazda ham shunaqa qilamiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.