Bugun — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 75 yoshda. 1948 yilning 7 aprelida JSSTga asos solingan. O‘shandan buyon har yili mazkur sana Butunjahon salomatlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham!

Mamlakatimiz 1992 yil 25 maydan ushbu tashkilotga a’zo. 1993 yilda ochilgan JSSTning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda salomatlik bilan bog‘liq masalalarning xalqaro darajadagi yechimiga munosib hissa qo‘shib kelyapmiz. 

Ayniqsa, pandemiya davrida Yer yuzi aholisi sog‘ligi uchun hamjihatlik naqadar muhimligini barcha chuqur anglab yetdi. Shu nuqtada yana Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘mak va tavsiyalariga suyandik.

“Mamlakatlar umumiy maqsad yo‘lida birlashganda, ko‘p narsaga erisha olishiga guvohmiz, — deydi tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesus. — O‘tgan davrda qo‘lga kiritilgan ijobiy natijalar kam emas, albatta. Ammo oldimizda hali juda ko‘p vazifalar turibdi.

Yer yuzida turli epidemiya va pandemiyalar xavfi chekingani yo‘q. Nosog‘lom turmush tarzi, iqlim inqirozi bilan bog‘liq global muammolardan samarali himoyalanish lozim. 

Bunga erishish uchun tibbiyot xodimlarini muntazam qo‘llab-quvvatlash, ular safini kengaytirish va malakasini oshirish zarur. Chunki dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash xizmatlariga talab va ehtiyoj tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Masalan, 2030 yilga borib, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kamida 10 million tibbiyot xodimi tanqisligi yuzaga kelishi mumkin”.

Qolaversa, atmosferaning ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, kam harakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik kabi qator omillar xavfli kasalliklar ko‘payishi va erta o‘lim ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda. 

JSST kelgusida ham tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan hamjihatlikda bu global masalalarga yechim topishda davom etadi.