Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 27 kun davomida xushovoz qorilar tomonidan tilovat qilingan Qurʼoni karim xatm qilinib, masjidlarda xatmonadan keyin jamoat boʻlib duolar qilinadi.
Ulamolar taʼkidlashicha, Qurʼon xatm qilinganidan keyin qilingan duo ijobat boʻladi. Chunki Qurʼon Alloh taoloning kalomi boʻlib, uni toʻliq oʻqib tugatish ulugʻ ibodat hisoblanadi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: “Qurʼon xatm qilinganda ijobat boʻladigan duo bor”. Shu bois Qadr kechasida, ayniqsa, xatmi Qurʼondan keyin qilinadigan duolarning qabul boʻlishiga umid qilinadi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi barchani masjidlardagi xatmonada ishtirok etishga chaqirib, Qadr kechasining fazilatidan bahramand boʻlishni tavsiya etdi.