Umumtaʼlim maktablarining 6-, 7-, 10-sinf oʻquvchilari uchun yaratilgan Milliy oʻquv dasturi, darslik, mashq daftari hamda oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar joriy oʻquv yilining 4-choragi davomida tajriba-sinovdan oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Milliy oʻquv dasturi va metodik majmualarni tajriba-sinovdan oʻtkazish va amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik koʻrish maqsadida, eksperimentator oʻqituvchilar, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida faoliyat olib borayotgan amaliyotchi oʻqituvchilar, malaka oshirish markazlarining professor-oʻqituvchilari, fan metodistlari uchun 3 kunlik oʻquv-seminari oʻz ishini boshladi.
“Qancha-qancha katta tadbirlarda qatnashgan boʻlsam-da, bugun juda hayajondaman, Chunki bugun qilinayotgan islohotlarning asosiy ijrochilari — oʻqituvchilar qarshisida, muhim bir uchrashuvda soʻzlayapman. Qilingan har bir yangilik qanchalik samara berishi berishi bugun shu yerda yigʻilgan ustozlarning qoʻlida. Bugun bu seminarda porlagan quyosh ertaga bolalarimizning boshi uzra nur sochadi” – deydi Xalq taʼlimi vazirligi Taʼlim sifati jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti direktori Laziz Xoʻjaqulov
Bugun seminarning ochilish marosimida Xalq taʼlimi tizimi xodimlari va oʻqituvchilar oʻrtasida samimiy suhbatlar, madaniy tadbirlar hamda Zakovat intellektual oʻyini uyushtirildi. Seminarning keyingi kunlarida oʻqituvchilar 19 ta fan boʻyicha 13 ta shoʻbalarda oʻz fanlari boʻyicha oʻquvlarda qatnashadilar.