Yangi Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshish sari katta tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda hamma sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalish, xususan, bagʻrikenglik borasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat mintaqa, balki xalqaro hamjamiyatning ham munosib eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surilgan global va mintaqaviy tashabbuslar dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qoʻllab-quvvatlanayotgani quvonarli hol, albatta.
Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018-yili Bosh Assambleyaning navbatdagi yalpi sessiyasida qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya fikrimizning yorqin isbotidir.
Oʻzbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi – barcha uchun taʼlim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni oʻrnatish, diniy erkinlikni taʼminlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka muhim ahamiyat qaratilgan.
“Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan ahamiyatlidir.
2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi dasturining 5-yoʻnalishi doirasida Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash masalasi alohida maqsad sifatida bayon etilgani bejiz emas. Bugungi kunda bagʻrikenglik, millatlararo munosabatlar sohasida yondashuvlar va qarashlarga yangicha nigoh bilan qarashni zamonning oʻzi taqozo etmoqda.
Ushbu yoʻnalishdagi faoliyat haqida gapirganda, fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida 2021-yil 5-iyulda imzolangan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun haqida toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ushbu qonun yurtimizda tarixan shakllangan anʼana, urf-odat va qadriyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqildi. Unda hamkorlarimiz – Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar oʻz aksini topdi.
Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qoʻllash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida eʼtibor qaratilganini qayd etish lozim.
Qonun asosida diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish bilan bogʻliq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etildi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor boʻlishi haqidagi talab bekor qilindi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillarining bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashashlari, shubhasiz, mamlakatda oʻrnatilgan bu boradagi oqilona siyosatning natijasidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va qishloqlarimizda joriy yil 1-martdan eʼtiboran “Yashil yillik” umummilliy tadbiri Oʻzbekistonda yashayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.
Ezgu maqsadning amaliy qadamlari oʻlaroq, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 16 konfessiya vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda irqi, millati, diniy eʼtiqodga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol boʻlishga undovchi bayonot qabul qilindi.
Respublika boʻylab mazkur umummilliy tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlar tanlanishi va maxsus yetishtirilishi belgilandi. Quvonarlisi, xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini koʻrsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qoʻlni qoʻlga berib, yagona va ahil oila aʼzolaridek ishtirok etishi albatta, muhim.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Yashil makon” umummilliy loyihasini qoʻllab-quvvatlash, ushbu xayrli tashabbus doirasida hududlarni obodonlashtirish, koʻchat va gullar ekishni targʻib etishga qaratilgan bayonoti qabul qilindi.
Yana bir muhim jihat – bugun, 5-aprel kuni Yangi Oʻzbekiston bogʻida respublikamizdagi 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirokida “Bagʻrikenglik bogʻi” tashkil etildi. Albatta, ushbu bogʻning barpo etilishi ham atrof-muhitni himoya qilish, yurtimizni pokiza saqlashda munosib hissa qoʻshish yoʻlida tashlangan muhim qadam boʻldi. Ayniqsa, dunyoda roʻy berayotgan iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq global muammolar, fojialar qarshisida insoniyatning ojiz qolayotgani, bizdan talab etiladigani neʼmatlarga shukr qilib, uni asrab-avaylashga turtki beradi.