Davlatimiz rahbarining 2025 yil 10 dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjatlardan biri sifatida baholanmoqda. Mazkur farmon bilan bugundan boshlab iqtisodiyotning qator muhim yoʻnalishlarida hisob-kitoblarni naqd pulsiz shaklga oʻtkazish amaliyoti keng joriy etilmoqda.

Jumladan, davlat xizmatlari, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suv uchun toʻlovlar, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari savdosi, yonilgʻi quyish shoxobchalari hamda elektr transportlarini zaryadlash xizmatlari, qiymati 25 million soʻmdan oshadigan tovar va xizmatlar, shuningdek, koʻchmas mulk obyektlari va ayrim toifadagi transport vositalari oldi-sotdisi naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bu oʻzgarishlar iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish, moliyaviy oqimlarni nazorat qilish hamda ularni yanada shaffof­lashtirishga xizmat qiladi.

Markaziy bank raisi birinchi oʻrinbosari Nodirbek Saydullayevning taʼkidlashicha, yonilgʻi quyish shoxobchalarida xizmat koʻrsatish jarayonida asosiy maqsad — fuqarolarning toʻlov usuli sababli xizmatdan foydalana olmay qolishining oldini olishdan iborat. Uning soʻzlariga koʻra, hatto avtomobil egasida karta boʻlmagan yoki hisobida mablagʻ yetarli boʻlmagan holatlarda ham mijoz oʻz ishini yakuniga yetkazishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Naqd pul aylanmasining yuqori ulushi koʻpincha yashirin iqtisodiyotning kengayishiga sabab boʻladi. Chunki naqd pul orqali amalga oshiriladigan operatsiya­larni toʻliq nazorat qilish mushkul. Bu esa norasmiy iqtisodiy faoliyatga keng yoʻl ochadi. Shu sababdan naqdsiz hisob-kitoblarni keng joriy etish davlat uchun texnologik yangilanish bilan birga strategik iqtisodiy islohot sifatida alohida ahamiyatga ega.

Ayniqsa, yirik moliyaviy operatsiyalarning bank tizimi orqali amalga oshirilishi moliyaviy intizomni mustahkamlaydi, soliq tushumlarini oshiradi va noqonuniy operatsiyalarni keskin kamaytiradi. Bu, oʻz nav­batida, davlat byudjeti barqarorligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Statistik maʼlumotlar aholining raqamli tizimga tez moslashayotganini koʻrsatmoqda. Jumladan, 2025 yilda transport sohasida 692 million tranzaksiya amalga oshirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2024 yildagiga nisbatan 36 foiz oshgan. Transport kartalari orqali amalga oshirilgan 213 million tranzaksiya va bu yoʻnalishdagi 52 foizli oʻsish koʻrsatkichi naqdsiz toʻlov vositalari kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanayotganini koʻrsatadi.

Eng ahamiyatlisi, mobil ilovalar va virtual kartalar orqali toʻlov hajmining 234 foiz oshganidir. Bu raqamli texnologiyalar aholi orasida jadal surʼatda ommalashayotgani va moliyaviy xizmatlardan foydalanish madaniyati yuksalayotganini anglatadi.

Toshkent shahri jamoat transporti misolida bu jarayon yanada yaqqol namoyon boʻladi. Bir yil davomida tushumlarning 644 milliard soʻmga yetgani, yoʻlovchilar sonining 206 millionga chiqqani va tranzaksiyalar haj­mining keskin oshgani tizim samaradorligini tasdiqlaydi. Eng muhimi, mazkur oʻzgarishlar aholi uchun jiddiy noqulayliklar keltirib chiqarmadi, aksincha, xizmatlardan foydalanishni yengillashtirdi.

Koʻchmas mulk va transport vositalari boʻyicha bitimlarning naqdsiz shaklga oʻtkazilishi esa iqtiso­diyotda shaffoflikni yanada oshiradi. Xaridor tomonidan bank orqali eskrou hisobvaraq ochilishi va mablagʻning faqat bitim tasdiqlanganidan soʻnggina sotuvchiga oʻtkazilishi moliyaviy xavfsizlikni taʼminlaydi. Shu bilan birga, mablagʻni plastik kartaga yoki naqd shaklda olish imkoniyatining saqlanib qolishi tizimning moslashuvchanligini taʼminlaydi.

Bugun raqamli toʻlov tizimlari nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirmoqda, balki aholi uchun qulay va zamonaviy infratuzilmani shakllantirmoqda. Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan ushbu jarayonni qoʻllab-quvvatlash maqsadida infratuzilmani kengaytirish ishlari jadal bajarilmoqda.

Xususan, banklar tomonidan avtomatlashtirilgan depozit mashinalarining 24/7 rejimida ishga tushirilishi aholiga qoʻshimcha qulaylik yaratmoqda. Ushbu qurilmalar orqali barcha turdagi bank kartalarini toʻldirish, kredit toʻlovlarini amalga oshirish hamda yuridik shaxslar hisobvaraqlariga mablagʻ kiritish imkoniyati yaratilgan. Eng muhimi, ayrim operatsiyalar boʻyicha qoʻshimcha komissiya toʻlovlari mavjud emasligi aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni taʼminlaydi.

Naqdsiz hisob-kitoblarni keng joriy etish mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim qadamdir. Bu jarayon iqtisodiy shaffof­likni taʼminlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish va zamonaviy raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu islohotlar aholi manfaatlarini inobatga olgan holda, ular uchun qulay va samarali tizimni yaratishga xizmat qilmoqda.

 

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri