Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyadagi oʻzgarishlar bir qator siyosiy islohotlarni ham nazarda tutadi.

Bu borada parlament faoliyatida muhim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga yetkazildi.

Ayni paytda palatalarning vakolatlariga ham aniqlik kiritildi. Jumladan, Hukumatni shakllantirish, uning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish masalalari Qonunchilik palatasining vakolatiga oʻtkazildi.

Senatning faoliyati esa hududlar bilan bogʻliq masalalarni hal qilish, mahalliy Kengashlarga har tomonlama koʻmaklashish, joylarda, ayniqsa mahallalarda qonunlarning ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilishi zarur.

“Endi ular pastga tushib, koʻproq odamlarimiz bilan uchrashib, ularning muammolarini eshitsa, vazirlar va hokimlar bilan birgalikda har bir masala boʻyicha aniq yechimlarni topsa, bundan umumiy ishimizga faqat foyda boʻladi”, - dedi Prezident.

Bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari eʼtiboriga olib chiqayotgan eng taʼsirchan kuch, bu – ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar ekani taʼkidlandi.

"Jamiyatimizdagi ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborot olish, foydalanish va tarqatishga boʻlgan huquqlar qatʼiy kafolatlanmoqda.

Shu bilan birga, soʻz erkinligi bu – masʼuliyat ham degani. Yaʼni, axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon ekanini ham unutmasligimiz zarur", - dedi davlatimiz rahbari.

Ayni paytda, nodavlat tashkilotlarning rolini yanada oshirish, huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.