Bugungi kunidan rozi odamlar

    Bugun yurtimizda har sohada ulkan oʻzgarish va yangilanishlar boʻy koʻrsatmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlamga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ularning koʻngliga halovat va xotirjamlik hissini berayotir.

    Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishda yangi quvvatlarni oʻzlashtirish, quyosh panellari uchun uskunalarni mahalliylashtirish borasida hududlarda amalga oshirilayotgan salmoqli ishlardan aholi juda mamnun.

    — Xonadonimizning elektr energiyasi pulini qoʻlimiz kaltalik qilib, oʻz vaqtida toʻlay olmagan kunlarimiz koʻp boʻlgan. Oʻsha damlarda endi chirogʻimizni oʻchirib ketishadi, qorongʻuda yurak hovuchlab necha kun oʻtiramiz, degan notinch xayollar bilan necha yillar bedor yashadik. Qishloq sharoitida chiroq oʻchsa, hayot tugab qolganday boʻladi. Qorongʻuda xira chiroq yoki sham yorugʻida ilojsiz oʻtgan kunlarimiz bugun ertakka aylandi. Eng muhimi, qarzdorlik sabab endi elektr simlarimiz tarmoqdan uzilmaydi. Elektr energiyasiga sarflanadigan mablagʻimiz ham tejaladi, chunki tomimizga quyosh paneli oʻrnatib berishdi, — deydi Qorakoʻl tumanidagi “Zarafshon” mahallasida yashovchi Rajavoy Yangiyeva.

    Buxoro viloyatining Olot tumanidagi “Xalifa” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Tolib Xudoynazarov ham yillar davomida boshidan kechirgan yoʻqsizlikdagi nochor hayoti tashvishlarini eslar ekan, bugungi yorugʻ kunlar uchun mutasaddilarga alohida minnatdorlik bildirdi:

    — Endi uyimizga beminnat nur kirib keldi. Bizday oddiy odamlarni oʻylaganlarning biriga ming bersin. Elektr toki oʻchganida nima qilishni, farzandlarimga nima deyishni bilmay, boshim egilib qolardi. Xuddi bir gunoh ish qilganday. Yetarli mablagʻimiz boʻlmaganligi bois, elektr pulini vaqtida toʻlay olmasdik. Montyorlar “Katta qarzingiz bor ekan, oʻchirishga majburmiz” deb, simlarimizni uzib ketishardi. “Ey baraka topgur, oʻchirma, biz kattalar-ku mayli, shu bolalarga rahming kelsin, bir iloj qilib, pul topib erta-indin toʻlarmiz”, deya javrab qolaverardik. Xudoga shukr, u kunlar ortda qoldi.

    Darhaqiqat, quyosh panellari va qayta tiklanuvchi muqobil energiya, quyosh suv isitish vositalaridan foydalanish bugungi kunda eng samarali usul boʻlib, elektr uzilishlarining oldini olish bilan birga, mablagʻlarni tejash hamda turli yoʻnalishlarda zamonaviy innovatsion gʻoyalarni tatbiq etishga imkon yaratadi.

    — Dunyo boʻyicha tabiiy zaxiralar kamayib, talab esa tobora oshib borayotgan bugungi kunda taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday davlat uchun yashil energiyani hayotimizga keng tatbiq etish samarali va sifatli yoʻl hisoblanadi, — deydi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati boʻlimi boshqaruvi raisi Ulugʻbek Kozimov. — Iqtisodiyot rivojlanib, ishlab chiqarish korxonalarining koʻpayishi hamda aholi sonining ortishi, oʻz navbatida, elektr energiyasiga boʻlgan talabni ham oshirmoqda. Ushbu vaziyatda eng munosib yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ommalashtirishdir. Joriy yilning soʻnggi besh oyi mobaynida Buxoro viloyatida “Temir daftar”da roʻyxatda turgan 2 mingdan ziyod xonadonga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati boʻlimi huzuridagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyosh panellari va quyoshli suv isitish kollektorlari oʻrnatib berildi. Jumladan, 120 ta oilaga quvvati 1 kilovattdan kam boʻlmagan quyosh panellari, 85 ta oilaga sigʻimi 100 litrdan kam boʻlmagan quyosh isitish kollektori oʻrnatildi. Bu ishlar ayni vaqtda ham qizgʻin davom ettirilmoqda. Xonadonlarga oʻrnatilgan quyosh panellari soatiga 1 kilovatt elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu esa xonadondagi 10 ta 12 vatt quvvatli LED lampa, shuningdek, muzlatgich va televizorni 24 soat davomida umumiy elektr tarmogʻidan hech qanday elektr energiyasini olmay turib ishlatish imkonini beradi. Albatta, amalga oshirilayotgan bu kabi keng koʻlamli islohotlar kelgusida qayta tiklanmaydigan resurslardan oqilona foydalanish, yashil energiyani hayotimizga kengroq tatbiq etish, shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun muhim ahamiyatga ega vosita hisoblanadi.

    Ha, soʻnggi yillardagi islohotlar tufayli, “Temir daftar” roʻyxatida turuvchi fuqarolar xonadonlariga quyosh panellari oʻrnatib berish mamlakat boʻylab keng qamrovli dolzarb vazifaga aylanib bormoqda. Ushbu oʻrnatilayotgan quyosh panellari xonadonlarda kuzatilishi mumkin boʻlgan elektr uzilishlarining toʻla oldini oladi.

    Ayni damda Buxoro viloyatining boshqa tuman va shaharlarida yashovchi ehtiyojmand oilalarga quyosh panellari oʻrnatib berish ishlari qizgʻin davom etyapti. Bu olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar uchun kutilmagan tuhfa boʻlyapti. Ushbu xayrli va maqsadli ishlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati boʻlimi huzuridagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasining 6,5 milliard soʻmlik mablagʻi hisobidan amalga oshirilmoqda.

    Bugungi kunda viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Temir daftar”da ruyxatda turgan xonadonlarga quyosh panellari oʻrnatish ishlari jadal olib borilmokda.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri