“Quyoshli xonadon”: fuqarolar davlatga elektr energiyasi sotmoqda

    Karmana tumanida yashovchi mehnat faxriysi Salomat Xo‘jayeva bir oy avval xonadoniga quyosh paneli o‘rnatib, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidan foyda ham olmoqda.

    Dastlab bu haqdagi gap-so‘zlarga ishonib-ishonmay uyiga quyosh paneli o‘rnatgan onaxon keyin bu rost ekaniga, elektr energiyasini nafaqat tejash, balki undan daromad ham olish mumkinligiga amin bo‘ldi.

    — Elektr energiyasiga oyiga 50-60 ming so‘mdan to‘layotgandik. Quyosh paneli o‘rnatganimizdan so‘ng shu mablag‘ tejalib, aksincha, ortiqcha elektr energiyasi uchun bizga pul ham to‘lay boshlashdi, — deydi Salomat aya.

    Ha, bugun yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha hududlarda ulkan ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Karmana tumanida loyiha qiymati 110 million AQSH dollari, quvvati 100 megavatt quyosh fotoelektr stansiyasi qurilgani O‘zbekiston energetika tizimidagi birinchi ulkan qadam bo‘ldi. 2022 yilda Nurobod tumanida xuddi shunday quyosh stansiyasi ishga tushirildi. Joriy yil yakuniga kadar Navoiy viloyatida 500 MVtli shamol hamda Navoiy, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 3 647 MVtli quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi belgilangan.

    Prezidentning joriy yil 17 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 1 apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda. 2023 yilda 37 ming aholi xonadonida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejalanmoqda. Dastur doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga davlat byudjetidan 1000 so‘m to‘lanishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, hujjatda 2023 yilda foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uyni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 1 maydan boshlab esa foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish joriy etildi.

    Navoiy viloyatining Karmana tumanida ham dastur doirasida aholi xonadonlarini quyosh panellari yordamida elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Tumanning Ziyokor mahallasidagi 15 ga yaqin xonadonda allaqachon quyosh panellari o‘rnatilib, o‘tgan qisqa fursat ichida aholi vakillari uning samaradorligiga amin bo‘lmoqda. Do‘stlik mahallasida yashovchi Anvar Inoyatov ham xonadoniga quyosh panellarini birinchilardan bo‘lib o‘rnatgan hamyurtlarimizdan. Energetika sohasida faoliyat yuritib kelayotgani bois “Quyoshli xonadon” dasturining foydasiga to‘la ishongan holda kelajakda muqobil energiya manbaidan foydalanish orqali qo‘shimcha daromad topishni ham maqsad qilmoqda.

    — Uyimizga quyosh panellarini yaqinda imtiyozli kredit hisobiga o‘rnatdik. Elektr energiyasi sarfi teng yarmiga qisqardi. Aholi uchun qulaylik jihatlari juda ko‘p. Ayni vaqtda elekr energiyasining qolgan qismini sotishni rejalashtiryapmiz. Bu borada mutaxassislar bizga barcha amaliy ko‘mak bermoqda, — deydi Anvar Inoyatov.
    O‘zaro shartnomaga ko‘ra, aholi xonadonlarida ishlab chiqarilgan elektr quvvati hududiy elektr ta’minoti korxonasi tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinmoqda.

    — Ushbu tizimning foydali ekani quyosh paneli o‘rnatilgan xonadon misolida aniq ko‘rinadi. 2 oy avval 2 KVtli uskuna qo‘yilgan xonadon avval 40-50 ming so‘mlik elektr energiyasi iste’mol qilgan bo‘lsa, hozir quyosh paneli 200-250 ming so‘mlik elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Xonadon egasi iste’molidan ortgan elektr energiyasini davlatga sotmoqda, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Navoiy filiali bo‘lim boshlig‘i Husniddin Xo‘jayev.

    Joriy yilda Navoiy viloyatida quvvati 77,2 MVt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, hozir 345 ta ijtimoiy soha ob’yekti, 420 ta tadbirkorlik sub’yekti va 716 ta aholi xonadoniga quvvati 12,6 MVt quyosh panellari o‘rnatilgan. Ob’yektlar soniga nisbatan olinganda, umumiy rejaning 80 foizi to‘liq bajarilganini ko‘rish mumkin.

    Yuqoridagi qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan boshlab qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi bo‘yicha imtiyozlar berilgan.

    Shuningdek, 1 martdan boshlab yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvatdan yuqori bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.

    Gʻolib ABDUSALOMOV,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri