Taʼkidlanishicha, Saylov qonunchiligini taʼminlash maqsadida Bosh prokuraturada salohiyatli xodimlardan iborat Shtab tashkil etildi.
Bosh prokuraturadan 13 nafar, hududiy prokuraturalardan 248 nafar xodim bilan saylov qonunchiligi boʻyicha alohida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib, ularning malakalari oshirildi.
Bu xodimlar prokuratura organlarining barcha boʻgʻinlarida tashkil etilgan 24 soatlik uzluksiz navbatchilikda xizmat qilmoqda.
Barcha hududlardagi tezkor-tergov guruhlari oʻz faoliyatini kuchaytirilgan holda uzluksiz amalga oshirmoqda.
Bugungi siyosiy tadbirning, saylovning tinch va osoyishta oʻtkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qatʼiy nazoratga olingan.
Saylov qonunchiligini buzish, yaʼni:
– saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini bajarmaslik;
– nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish;
– nomzodlar, siyosiy partiyalar toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish;
– axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yoʻq qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish;
– saylovni moliyalashtirish tartibini buzish;
– saylov natijalarini eʼlon qilish tartibini buzish kabi harakatlar maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.
"Kimning-ki, saylash yoki saylanish huquqlari buzilsa yoxud fuqarolarimiz saylov qonunchiligini buzish holatlariga guvoh boʻlsa, zudlik
bilan hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlarini soʻraymiz.
Hurmatli jurnalistlar va xalqaro kuzatuvchilarga ham alohida murojaat qilmoqchiman!
Prokuratura organlari saylov jarayonida qonun ustuvorligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratmoqda va buning uchun barcha saʼy-harakatlarni roʻyobga chiqarmoqda.
Oʻz navbatida, buni ham istisno etmasligimiz kerak – qonun buzilishi holatlari haqidagi hamma maʼlumot ham bizgacha yetib kelmasligi mumkin. Sizlar bevosita joylarda saylov uchastkalari va okruglarida vaziyatni oʻrganib, saylovchilar, saylov komissiyalari vakillari bilan muloqotdasiz.
Agarda, Sizlarda qonun buzilishi toʻgʻrisida biron-bir maʼlumot mavjud boʻlsa, uni Bosh prokuraturaga taqdim etsangiz, uni zudlik bilan oʻrganib, tegishli baho berilishini taʼminlash choralarini koʻramiz. Biz bunday hamkorlikka tayyormiz," — dedi Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev.