Ulugʻ hukmdorning shonli va shukuhli faoliyati, u asos solgan qudratli saltanatning olamshumul yutuqlari, asrlar davomida ilm-fan, madaniyat, sanʼat va maʼrifat choʻqqisida qoʻr toʻkib turgan ulugʻvor avlodlarining yorqin qiyofasi dunyo ahlini oʻziga maftun qilib kelmoqda. Amir Temurning davlat boshqaruvidagi tadbirli va qatʼiyatli siyosati, asrlarga boʻylagan bunyodkorlik ishlari oʻzbek millati qadr-qimmatini jahon tamadduni sahnida hali-hanuz yuksak mavqeda tutib turibdi.

Uzoq vaqt mobaynida oʻzligimiz, maʼnaviy qudratimizni soyada qoldirish uchun buyuk sarkardaning moʻtabar nomi sobiq mustamlakachilik mafkurasi qobigʻida nomunosib sifatlar bilan qoralab kelindi. Yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin ulugʻ ajdodlarimiz qatori Amir Temur shaxsiyatiga ham munosabat tubdan oʻzgardi. Mustaqillikning ilk yillaridanoq benazir ajdodimizning moʻtabar nomini abadiylashtirish borasida koʻplab ishlar qilindi. Bu ulugʻ siymo, tom maʼnoda, xalqimizning erk, hurriyat, hamiyat va oriyat ramziga aylandi.

Bugun esa yangi Oʻzbekistondagi misli koʻrilmagan islohotlar, xalq va millat ruhiyatidagi kelajakka yuksak ishonch kayfiyati, zamon bilan hamnafaslikda kamol topib, Uchinchi Renessans gʻoyasini yuzaga chiqarish maqsadida gʻayratu shijoat koʻrsatayotgan yosh avlodning ulkan orzu-umidlari Amir Temur bobomiz shaxsiyati va faoliyatidagi bunyodkorlik tamoyillariga nihoyatda uygʻun.

Temuriylar va Ikkinchi Uygʻonish davri: jasorat va maʼrifat uygʻunligi IX-X asrlarda mamlakatimiz hududida ilm-fan markazlari yuzaga keldi. Xorazmshoh Abul Abbos Maʼmun II tashabbusi bilan Xorazmda qad rostlagan “Dorul hikma va maʼrifa” (Xorazm Maʼmun akademiyasi) maʼrifatga tashna, zehni oʻtkir ilm fidoyilarini jalb qilgan. Ularning yetuk salohiyati, imkoniyatini yuzaga chiqarish va chuqur bilim olishi uchun keng imkoniyat yaratib berilgan.

Qolaversa, somoniylar saroyida turli mamlakatlardan keltirilgan nodir va noyob kitoblar jamlanib, ulkan kutubxona bunyod etilgani Abu Ali ibn Sinodek favqulodda iqtidor sohiblarining kamol topishida betimsol ahamiyat kasb etgan. Buyuk aql egalarining ixtirolari hozirga qadar inson manfaatlari, istiqboli, farovon turmushi uchun xizmat qilayotgani adolatli jamiyatda iqtidoru isteʼdodga beriladigan eʼtibor besamar ketmasligiga yorqin dalildir.

Ikkinchi Uygʻonish davri — temuriylar Renessansining tamal toshi, taraqqiyot poydevori esa Amir Temur boshlagan ilgʻor islohotlarning amaliy natijasi edi. Millat va xalq boshiga turli mushkulotlar, sinovu mashaqqatlar tushganda haqiqiy elparvar, yurtsevar, mumtoz adabiyotimizda ulugʻlanganidek, “er tabiatli”, fidoyi zotlar tarix sahnasiga chiqadi. Ularning toza fitratida olijanoblik, oliyhimmatlilik, mardonalik fazilati yorqin aks etib turadi.

Shubhasiz, Amir Temur asrlar mobaynida qiynalgan, ezilgan, jafokash xalqimizni moʻgʻul bosqinidan xalos qilib, milliy gʻurur, milliy nafsoniyat tamoyillarini ongu shuurga singdirgan matonat mashʼalidir. Uning xalq ruhiyatidagi oʻziga kuchli ishonchni uygʻotishi millatning qon tomirlarida gupurib turgan, ammo erksizlik, umidsizlik, tushkunlik tufayli mudragan maʼnaviy qudratni yana jonlantirib yubordi.

Amir Temur saltanatining sururli muvaffaqiyatlari taʼsirida adabiyot maydonida mangu nashʼu namo topgan, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bunday yozgan edi:

Temurxon naslidin sulton Ulugʻbek,

Ki olam koʻrmadi sulton aningdek...

Rasadkim bogʻlamish — zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur.

Temuriy hukmdorlar aql-zakovat sohiblariga homiylik qilib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash barobarida oʻzlari ham ilmu hunar, sanʼatu madaniyat davralariga boshchilik qildi. Masalan, Amir Temurning evarasi Husayn Boyqaro zamonida bugungacha ham ilmiy tadqiqotlarda sir-sinoatlari atroflicha oʻrganilayotgan adabiy, maʼrifiy yuksalish bosqichi yuzaga keldi. Alisher Navoiy fenomeni, shubhasiz, bu jarayonning yorqin siymosi edi. Temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Boburning jahon tamaddunidagi mavqei, davlat boshqaruvi, ilm-fan taraqqiyoti, madaniy va maʼnaviy hayot rivojidagi bezavol shijoati Ikkinchi Uygʻonish davri yutuqlarining naqadar purviqorligini yanada yaqqol koʻrsatadi.

Bugun vatanimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi pogʻonasi — yangi Oʻzbekiston davriga dadil va oʻktam qadam bosdi. Nafaqat ijtimoiy-maishiy turmush madaniyatida, balki xalqimiz ongu shuuri, maʼnaviy-maʼrifiy dunyosida ham yangilanish, mamlakatimizdagi misli koʻrilmagan ijobiy islohotlar taʼsirida ertangi yorugʻ kunlarga umid va ishonch ruhi yorqin aks etmoqda. Tafakkur oʻzgarishi esa shaxs kamoloti, jamiyat taraqqiyoti, yurt ravnaqi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Hozir Uchinchi Renessans ostonasida intellektual salohiyatli, azmu shijoatli farzandlari bilan “eshik qoqib turgan” yangi Oʻzbekiston jahon tamadduni sahnida har ­qachongidan-da ulugʻvor va salobatli koʻrinayotir. Jumladan, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasida oʻzbek tilida soʻzlagan nutqi millat yetakchisining kuchli irodasi va xalqimiz maʼnaviy jasoratini ifoda etgan tarixiy hodisa boʻldi.

“Ustuvor maqsadimiz — mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir”, degan edi Prezidentimiz. Darhaqiqat, jannatmonand diyorimizda “inson — jamiyat — davlat” va “inson qadri uchun” tamoyillari asosida yuritilayotgan olijanob siyosat ana shu fikrlarning amaliy isboti, hayotiy namunasidir.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk bosqichidanoq ilm-fan rivoji va olimlarga alohida eʼtibor qaratib, maʼrifatning hayotbaxsh kuchini taraqqiyotning nekbin kelajagiga yoʻnaltirishni maqsad qilgan. Jumladan, 2017-yil 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari mohiyatida ana shu — Uchinchi Renessans gʻoyasining hayotiy asoslari, bu yoʻldagi amaliy xatti-harakatlar strategiyasi ifodalangan.

Ilm-fan ahlining berilgan imkoniyat va yaratilgan sharoitlardan mamnunlik kayfiyati ila yurt istiqboli yoʻlida astoydil qilayotgan mehnati esa, hech shubhasiz, yaqin kelajakda samara beradi.

“Temur tuzuklari”: millat, hurriyat va hamiyat qoʻllanmasi

Amir Temur faoliyatida adolat, haqiqat, maʼrifat, jasorat bayrogʻini baland koʻtarib, razolatu xiyonat, adovatu qabohatga qarshi murosasiz va shafqatsizlarcha kurashgan. Uning qiyofasida nohaqligu adolatsizlikka isyon ruhi millatga cheksiz muhabbat bilan oʻzaro uygʻunlashgan. Agar “Temur tuzuklari”ga sinchkovlik ila nazar tashlasak, bu fikrlarimizning toʻgʻriligiga yana bir bor amin boʻlamiz.

Bugun yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani, buyuk muhaddis Imom Buxoriy qadamjosining qayta ochilgani, koʻplab ulugʻ ajdodlarimizning mangu makonlari obod maskanlarga aylantirilgani Sohibqiron Amir Temur boshlagan xayrli ishlarning yangi Oʻzbekistondagi ulugʻvor va betakror namunalaridir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz turmushi madaniyatida, “Temur tuzuklari”da keltirilgandek, oqkoʻngillik fazilatining kamol topishi va hushyorlikning oshirilishiga xizmat qiladi, albatta. Ishonch bilan aytish mumkinki, yangi Oʻzbekiston ulugʻ ajdodimiz Amir Temurning nekbin qarashlaridan saboq olib, taraqqiyotning mutlaqo oʻziga xos yoʻlidan dadil davom etmoqda.

Sohibqiron bobomiz “Ochiq koʻngil va rahm va shafqat bila xaloyiqni oʻzimga rom etdim. Va adolat va muruvvat qilib, zulmu javrdin yiroq boʻldim. Va johil va yomon feʼllardan bezorlik tiladim”, deydi. Kitob esa insonni ezgu fazilatlarga oshno etadi. Uni kamolot sari yoʻllab, axloq pokligiga erishtiradi.

Ana shuni inobatga olib, yangi Oʻzbekistonda kitobxonlikka alohida urgʻu berilayotir. Jumladan, joriy yilning 24-fevral kuni mamlakatimiz yetakchisining “Koʻksaroy” qarorgohida yoshlar bilan uchrashuvida koʻplab masalalar qatori kutubxona, “book cafe” va kitob doʻkoni ochib, oyiga 10 mingtadan ortiq kitob sotuvini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli ssuda berilishi alohida taʼkidlandi. Bu esa kitobxonlikni yanada rivojlantirish bilan birga yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni mehnat bozoriga jalb qilish va moddiy manfaatdorligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi tarixiy qarorida Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasini keng targʻib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini taʼminlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan.

Darhaqiqat, “Buyuk temuriylar” istilohi yangi Oʻzbekiston gʻoyasi va Uchinchi Renessans orzusi bilan mushtaraklikda targʻibu tashviq etilsa, bu nekbin qarashlarning oʻzaro uygʻunligi, bir-biriga chambarchas bogʻliqligi yosh avlodning ongu shuuriga singdirilsa, biz oʻz koʻzlagan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz. Zero, Amir Temur bobomiz aytganidek, azmu qaror va sabru toqat va mulohaza va ehtiyot va bahodirlik bilan barcha ishlar muyassar boʻlur.

Maqsud ASADOV,

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining

Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti

direktori oʻrinbosari,

filologiya fanlari doktori,

professor