Respublika Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-iyuldagi “Buxoro shahrida “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Moʻminov va Sanoatchilar koʻchalariga tutash hududlarda samarasiz foydalanilayotgan obyektlar, bino va inshootlar egallagan 83 gektar maydonda jami 73 ta lotdan iborat “Bukhara City” loyihasini amalga oshirishga kirishilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 550 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, Buxoroda ilk bor 1,1 gektarda 32 qavatli bino, 1,7 gektarda ekspomarkaz hamda 1,4 gektarda texnopark ham aynan ushbu hududda qurilishi koʻzda tutilgan.
“Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazida qad rostlashi kutilayotgan yana bir muhim inshoot — qadimiy Sharqona usulda gumbazsimon qilib qurilgan, yaʼni, yurtimizda mavjud tarixiy obidalarimiz koʻrinishidagi uch-toʻrt qavatli muzeydir. Shahrimiz mehmonlari va xorijdan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun tarixiy ahamiyatga ega osori atiqalar namoyishgohiga aylantiriladigan bu bino — lotning umumiy maydoni 9 ming 354 metr kvadratdan iboratdir. Undan shuningdek, 6 ta ekspozitsiyadan iborat Buxoro tarixi, tabiati hamda tasviriy sanʼatini oʻzida aks ettirgan 125 mingga yaqin eksponat oʻrin olishi koʻzda tutilgan. Loyihaga binoan, muzey binosidan anjumanlar zali, fond zaxira xonalari, fitobar, ofislar hamda kutish zali tashkil etiladi.
Turkiya Respublikasining “Studio Vertebra” kompaniyasi meʼmor-mutaxassislari tomonidan loyihalashtirilayotgan inshootning umumiy qiymati 6,9 million AQSH dollariga baholangan. Muzey qurilishi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisining 2020-yil 19-noyabrdagi 145-son bayonining 7-ilovasiga muvofiq 2021-yilda muzey qurilishi ishlari boshlanadi.