Buloqboshi va Qoʻrgʻontepa tumanlarida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi

    Fermer xoʻjaligi rahbari bank filialidan ajratilgan kredit evaziga shartnomada koʻrsatilgan naslli echki oʻrniga mahalliy echki xarid qilgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buloqboshi tuman boʻlimi tomonidan AT “Xalq banki” Buloqboshi filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.” fermer xoʻjaligi rahbari M.I. va boshqalar ushbu bank filialidan ajratilgan 1,4 mlrd soʻm kredit evaziga “N.” fermer xoʻjaligidan shartnomada koʻrsatilgan 833 bosh naslli echkining oʻrniga, 253 bosh mahalliy echkilarni xarid qilib, jami 1,2 mlrd soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Departamentning Qoʻrgʻontepa tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “R.B.” MCHJ rahbari Sh.U. va boshqalar “Q.i.” oilaviy korxonasiga hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga shartnomada koʻrsatilgan inkubator uskunasini yetkazib bermasdan jami 720 mln soʻm kredit mablagʻini hujjatlarni soxtalashtirish yoʻli bilan boshqa maqsadlarda sarflab yuborganliklari aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.