- Xoʻsh, ushbu xastalikning paydo boʻlishiga qanday omillar sabab boʻladi?

-Uning salomatlikka xavfi nimada?

Shu va shu kabi savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi Feruza Xaydarovaga murojaat qildi.

— Buqoq qanday xastalik?

— Inson boʻynining old qismida shaklan kapalakni yodga soluvchi qalqonsimon bez joylashgan boʻlib, ushbu tana aʼzosi asab tizimi faoliyati, ovqat hazm qilish, suyak toʻqimalari va moddalar almashinuvida muhim oʻrin tutadi.

Qalqonsimon bez oʻzidan 3 xil gormon ajratib, ular tananing normal oʻsishi, yetilishi, rivojlanishini taʼminlaydi, oshqozon-ichak kabi organlarning bir meʼyorda ishlashiga koʻmak beradi. Agar ularning qaysi birini sintez qilish jarayonida muammolar kuzatilsa, bu oʻz-oʻzidan inson tanasida jiddiy kasalliklarga yoʻl ochadi.

Buqoq ushbu bezning kattalashishi hisoblanib, (normal holatda qalqonsimon bezning vazni 20-30 gramm) kasallik asosan yod yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Yod tanqisligiga esa insonning turmush-tarzi, ovqatlanishi, stress, ekologik vaziyat va yana bir qancha omillar sabab boʻlishi mumkin.

Inson tanasida yod tanqisligi kuzatilganda, qalqonsimon bez hujayralarga kam miqdorda yod yuboradi. Buning oqibatida esa gormonlar sintezi kamayadi va organizm bu jarayonni bir maromga keltirish uchun bosh miya gipofizi orqali taʼsir oʻtkazadi. Natijada qalqonsimon bez kattalashib, buqoq kasalligi rivojlanadi.

Surunkali yod yetishmasligi va qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi zehnning susayishi, depressiya, teri qurishi, soch toʻkilishi, qabziyat, ich ketishlar, bepushtlik, jinsiy faoliyatning susayishi, suyak rivojlanishining oʻzgarishi, past boʻylik va osteporoz, gipertoniya va ateroskleroz kabi xastaliklarga sabab boʻladi.

— Buqoq kasalligining turlari haqida aytib oʻtsangiz.

— Tibbiyotda buqoqning asosan, endemik va sporadik turlari mavjud. Jumladan, endemik buqoq qalqonsimon bezning jadal kattalashishi bilan xarakterlanib, ushbu xastalik koʻpincha atrof-muhitda yod yetishmasligi, okean va dengizlardan uzoqda joylashgan (Oʻzbekiston shular jumlasidan) hududlarda koʻp uchraydi. Endemik buqoqning diffuz, tugunli va aralash turlari mavjud.

— Kasallikning asosiy belgilari qanday?

— Buqoqning ilk bosqichlarida uning eng kichik belgilari ham sezilmaydi. Biroq keyinchalik boʻyinning oldi qismi boʻrtib chiqadi. Natijada kattalashgan qalqonsimon bez asab va qon tomirlarini ezib qoʻyadi. Bu orqali bemorda nafas qisilishi, ovozning birdaniga oʻzgarib qolishi va xirillashi, boʻgʻilishlar, koʻp terlash, yutinishdagi qiyinchiliklar, bosh aylanishi kabi salbiy holatlar kuzatiladi.

Shu bilan birga, asab tizimida buzilishlar sodir boʻladi, kayfiyat tez-tez oʻzgaradi, tanadagi barcha jarayonlar sekinlashadi, ayniqsa, oshqozon-ichak faoliyati buziladi.

Afsuski, koʻpchilik insonlar oʻzlarida bu kasallik rivojlanayotganiga jiddiy eʼtibor bermaydi. Biroq mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, bu xastalikka beparvo boʻlish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.