Tadbir BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 60 yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bagʻishlandi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi akademik Akmal Saidov uchrashuvni ochar ekan, dastavval, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan eng ustuvor maqsad va vazifalar hamda yangi tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soʻzladi.
Keyingi toʻqqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Shu qisqa davrda xalqimiz va yurtimiz taraqqiyot pillapoyalari boʻylab izchil yuksaldi. Milliy iqtisodiyot qayta shakllandi, qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda. Ijtimoiy, maʼrifiy va huquqiy sohalar muttasil rivojlanmoqda. Asosiysi, shiddatli va qamrovdor islohotlar hayotimizning barcha sohalarida oʻz samaralarini bermoqda.
Mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik darajasi esa 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi. Oʻzbekiston Global innovatsion indeksida 139 ta davlat orasida 82-oʻrindan 79-oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.
Murojaatnomada 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat istiqbol dasturi taqdim etildi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb eʼlon qilindi.
Joriy yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻladi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar boʻlishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qatʼi nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”.
Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qayta koʻrib chiqilmoqda. Amaldagi Strategiyada 100 ta, yangilanayotgan loyihasida esa 451 ta maqsad mujassam. Srategiyaning yangi tahririda, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha boʻlgan Milliy strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi koʻzda tutildi.
Joriy yilda Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram qilinadi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy hazratlarining qutlugʻ tavallud ayyomlari nishonlanadi.
Bu yil BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakti hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakti qabul qilinganiga 60 yil toʻlmoqda. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning bajarilishiga asosiy masʼul organ – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga esa 30 yil boʻladi. Bunday muhim milliy va xalqaro sanalarning munosib nishonlanishi ham el-yurtimiz hayotida katta ahamiyat kasb etadi.
Muloqot yakunida A.Saidov ishtirokchilarning savollariga atroflicha javoblar qaytardi.
Uchrashuv Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va “Intellektual” klubi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati