Aniqlanishicha, joriy yilning 25-noyabr kuni Buvayda tumani hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiya, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari S.X. mansabdor shaxs boʻla turib, mansab vakolatidan chetga chiqqan.

U Buvayda tumani “Nayman” mahallasidan oʻtgan Nayman zovuri atrofidagi daraxtlarni “D.S.” MCHJning ishchisi tomonidan kesilishini oldini olish choralarini koʻrayotgan Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Buvayda tuman boʻlimi inspektorining qonuniy talablariga faol qarshilik koʻrsatgan.

Hokim oʻrinbosari inspektorni xizmat vazifasidan kechishga majbur qilib, hodisa joyidan olib ketib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan S.X. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) va 198-moddasi 2-qismi (Ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi tergovi shaxsan Bosh prokuror tomonidan nazoratga olingan.