Muallifning qayd etishicha, qadim qorabayirlar haqida soʻz ketganda, afsuslar bilan taʼkidlash kerak, boʻy-basti, feʼl-atvori va boshqa xususiyatlarini xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan oʻrganamiz. Mavjud arxeologik topilma, qoldiqlar yoki boshqa turdagi dalillar qorabayir otiga daxli yoʻq xalqlar tomonidan bitilgan. Shuning uchun yilqining tarixiy zotiga mansub mazkur otlar toʻgʻrisidagi koʻhna manbalar bir butun emas. Shu bois, ularning oʻtmishini, ming yillar ortidagi seleksiya ishlarini toʻkis his qila olmaymiz. Bunda oʻziga xos sabablar bor. Birinchidan, ajdodlarimiz ulkan muhorabalar taqdirini hal qilgan argʻumoqlar seleksiyasini birovga aytmagan. Ikkinchidan, sirini yozishni qatʼiy man qilgan. Natijada oʻrta asrlarda hukmdor ajdodlarimizning yilqichilari “elboshi” deyilib, tojdordan keyingi odam hisoblangan...

Pol Nadar Parijdan 1890-yilning 18-avgustida yoʻlga tushib, Sharqiy ekspressda Istanbulga yetib keladi. Kavkazni Tibilisi va Boku orqali kesib oʻtib, (oʻsha paytlardagi Xiva xonligi hududi) hozirgi Turkmaniston yoʻli bilan Oʻzbekiston hududiga oʻtadi. Ikki oy davomida avval poyezdda, soʻng otda yoʻl yuradi. Safar chogʻida tarixiy obidalar, togʻlar, daryolar, bozorlar va koʻchmanchilar hayot tarzini obyektiviga muhrlaydi. Qizigʻi shundaki, Nadar tasvirga olgan koʻplab imoratlar – masjid, madrasa va boshqa obidalar oʻsha paytlar buzib vayron qilingan edi. Hozirgi kunda aksariyati taʼmirlanib, goʻzal qadamjolarga aylantirilgan. Shu jihatdan uning suratlari XIX asr manzaralari boʻyicha tarixiy “hujjat” vazifasini oʻtaydi.

Deylik, Buxoroga tashrifida Said Abdulahadxon bilan uchrashib, amirning portretini oladi. Amir minnatdorchilik tariqasida toza qonli qorabayir otini tortiq qiladi.

Yoʻl-yoʻlakay Buxoro atroflaridagi koʻpkaridan syujet tayyorlaydi.

Nadar suratlari orasida koʻplab ot rasmlari bor. Asosan qorabayir zotli yilqilar aks etgan. Masalan, Chorjoʻy begi minib turgan ot yoki rus generali Annenkovning oti shular jumlasidan.

Eslatma: Pol Nadar 1856-yil mashhur fransuz fotografi Gaspar-Feliks Turnashon oilasida dunyoga kelgan. XX asrning buyuk shoir, yozuvchi, aktyor va siyosatchilari portretlaridan iborat fotogalereya yaratgan. Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Butunjahon koʻrgazmasi” da ishtirok etish maqsadida 1890-yil Turkiya va Turkistonga uzoq safar qilgan.

Sayohati davomida olgan suratlari jahon fotografiyasi tarixidagi dastlabki “yirik hisobot”dir.