Unda jamiyat boshchiligidagi saqlash strategiyalari koʻchib yuruvchi turlarni muvaffaqiyatli saqlashda muhim rol oʻynashi mumkin.
“Hamjamiyat ishtiroki va turmush sharoiti” hisobotida jamoatchilikka asoslangan tabiatni muhofaza qilish strategiyalarining 10 ta asosiy tamoyillariga eʼtibor qaratiladi, “Markaziy Osiyoda hamjamiyat asosidagi yovvoyi tabiatni boshqarish salohiyati” tadqiqoti esa tashabbuslar biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror turmush tarziga qanday hissa qoʻshishi mumkinligi haqida real maʼlumot beradi.
Qayd etilishicha, mahalliy xalqlar va mahalliy jamoalar biologik xilma-xillik uchun dunyodagi eng muhim obyektlarning uchdan biridan koʻprogʻini muhofaza qilib, koʻchib yuruvchi turlar va ularning yashash joylarini saqlashda muhim rol oʻynaydi.
Yovvoyi tabiatni boshqarishga zamonaviy yondashuvlar bilan anʼanaviy bilim va amaliyotlarni integratsiyalash yovvoyi tabiat va uning yashash joylarini muvaffaqiyatli boshqarish, saqlash va barqaror foydalanishga olib kelishi mumkin.
Birinchi hisobotda keltirilgan tamoyillar 50 ta mamlakatdan 82 ta koʻchib yuruvchi turlarni (39 ta quruqlikda yashovchilar, 24 ta parranda va 15 ta suvda yashovchilar) qamrab olgan 78 ta amaliy tadqiqotlar tahlili asosida sintez qilingan.
Xususan, quyidagi masalalarga ham eʼtibor qaratilgan:
- yer va foydalanish huquqi;
- boshqaruv masʼuliyati;
- maʼnaviy qadriyatlar va munosabatlar;
- migratsiya yoʻllari boʻylab jamoalar oʻrtasidagi hamkorlik;
- tarmoqlararo muammolar.
“Markaziy Osiyoda hamjamiyat asosida yovvoyi tabiatni boshqarish salohiyati” hisobotida toʻrtta koʻchib yuruvchi tur — Buxoro bugʻusi, saygʻoq, arxar va qor qoploniga eʼtibor qaratilgan.
«Buxoro bugʻulari boʻyicha CMS oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida va boshqa hududlar, ekspertlar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda Markaziy Osiyoning choʻl daryolari ekotizimiga endemik boʻlgan eng muhim turlaridan biri Buxoro bugʻusini saqlab qolishda sezilarli yutuqlarga erishdik, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Biz hisobotdagi tavsiyalarni qadrlaymiz, mahalliy bilimlarni taʼkidlash va jamoalarni ushbu turni saqlash va boshqarishga jalb qilish yoʻllarini faol ravishda qidirmoqdamiz».
Tadqiqotda Markaziy Osiyoda tabiiy resurslarni boshqarish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan toʻrtta asosiy tavsiya: qonunchilik bazasini ishlab chiqish, jamoatchilik ishtirokini ragʻbatlantirish, iqtisodiy ragʻbatlantirish va salohiyatni oshirish alohida ajratib koʻrsatilgan.








