Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashuvda vazir ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidlab, KEITI (Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti) bilan Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshma loyiha muvaffaqiyatli yakunlanganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, “Sejin G&E Co. Ltd” kompaniyasi bilan maishiy chiqindi poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan qoʻshma loyihani amalga oshirish istiqbollari ham qayd etildi.
Marokash Qirolligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Odil Embarsh bilan uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish va ikki davlat oʻrtasida viza tartibini soddalashtirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Shuningdek, BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasida (COP29) ishtirok etish doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash masalalari ham muhokama etildi.
Gruziyaning Oʻzbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili David Kotaria bilan oʻtkazilgan ikki tomonlama uchrashuv doirasida amaldagi qonunchilikni oʻrganish sohasida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash mexanizmlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish va ekoturizmni rivojlantirish, Orxus markazini yaratish uchun xalqaro talablarni oʻrganish borasidagi hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ekologiya sohasida oliy taʼlim borasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama etildi. Bu yoʻnalishda Gruziya tomoniga Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) hamda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida maʼruzalar, seminarlar va treninglar oʻtkazish uchun oʻqituvchi va professorlarni jalb etish taklif etildi.
Mamlakatimizda oʻz missiyasini yakunlayotgan Misrning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmi bilan xayrlashuv uchrashuvida Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo etish, “Yashil makon” milliy loyihasini amalga oshirish va boshqa tashabbuslar haqida maʼlumot berildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati