Unda Ekologiya vaziri oʻrinbosari I. Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Mintaqaviy forum doirasida I. Qutbiddinov Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori G. Agilar, Ittifoqning Yevropa mintaqaviy ofisi direktori B. Erg hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi direktori O. Avramoski bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning ittifoqqa qoʻshilganligi eʼtirof etildi. Shuningdek, G. Agilar xonim 2025-yil toʻrtinchi choragida Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilgan Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi (CITES) konvensiyasining 20-tomonlar konferensiyasiga taklif etildi.
Uchrashuv davomida IUCN bosh kotibi soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tomonidan xalqaro ekologik maydonda olib borayotgan faol siyosat, yuqori darajada tashkil etilayotgan global sammitlar va yigʻilishlarni alohida eʼtirof etdi. Xususan, joriy yil fevral oyida Samarqand shahrida tashkil etilgan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasida (CMS COP14) shaxsan ishtirok etib, mamlakatning ekologik va turistik salohiyatiga yuksak baho berganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida IUCN ning Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda faoliyatini yanada jadallashtirish, grant loyihalari samaradorligini oshirish, loyihalar toʻplamini kengaytirish hamda Global ekologik jamgʻarmasi va Yashil iqlim jamgʻarmasining qoʻshimcha grant mablagʻlarini jalb etish, jarayonni tezlashtirish maqsadida Toshkentda IUCN vakolatxonasini ochish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, qiymati 6,4 million dollarga teng “Oʻzbekistonda qimmatbaho landshaftlarni muhofaza qilish va tiklashni kompleks boshqarish” grant loyihasi hamda qiymati 11 million yevroga teng “Markaziy Osiyoda landshaftlarning zoonoz kasalliklarining paydo boʻlishiga chidamliligini oshirish” mintaqaviy loyihasi muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida IUCN bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida Anglashuv memorandumi hamda “Oʻzbekistonda yerdan foydalanish va tanazzulga uchragan ekotizimlar va bioxilmaxillikni tiklash” loyihasini amalga oshirish uchun qiymati 1,1 million dollarga teng grant bitimi imzolandi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.