2024-yil 2-dekabrdan 13-dekabrga qadar Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (UNCCD) taraflari konferensiyasining 16-sessiyasi (COP16) boʻlib oʻtadi. Unda butun dunyo eʼtibori qurgʻoqchilik va choʻllanishga qarshi kurashga qaratiladi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston 2023-yil 13-17-noyabr kunlari BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (UNCCD) bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi (CRIC-21)ga mezbonlik qildi. Unda yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlar koʻrib chiqildi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida oʻtkaziladigan COP16da Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Chang va qum boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini koʻrib chiqish taklif qilindi.
COP16 “Bizning diyorimiz. Bizning kelajagimiz” shiori ostida 197 tomon (196 mamlakat va Yevropa Ittifoqi) ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradi.
COP16 davomida quyidagi masalalar koʻzda tutilgan qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda:
— 2030-yilgacha va undan keyingi yillarda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashni jadallashtirish;
— oʻsib borayotgan qurgʻoqchilik va qum-chang boʻronlariga qarshilikni kuchaytirish;
— yerlarni qayta tiklash va tabiiy oziq-ovqat ishlab chiqarishni koʻpaytirish;
— yerga boʻlgan huquqlarni taʼminlash va barqaror boshqarish uchun tenglikni taʼminlash;
— yangi iqtisodiy imkoniyatlarni, jumladan, yer boshqaruvida yoshlar uchun munosib ish oʻrinlarini yaratish.
Tadbir davomida yetakchi davlatlar sammiti oʻtkaziladi, unda davlat rahbarlari, tadbirkorlar va jahon yetakchilari global va mintaqaviy darajada choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va qurgʻoqchilik muammolariga yechim izlaydi. Shuningdek, turli taqdimotlar, maʼruzalar, ekologik muammolarga qarshi kurashda yoshlarning oʻrni, gender masalalariga ham eʼtibor qaratiladi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun, hozirgi vaqtda dunyoning 40 foizga yaqin yeri degradatsiyaga uchragan, bu 3,2 milliard insonga bevosita taʼsir koʻrsatyapti. Qurgʻoqchilik darajasi 2000-yildan buyon 29 foizga oshdi va 2050-yilga kelib dunyo aholisining 4/3 qismi qurgʻoqchilikka duchor boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, har yili kamida 100 million gektar sogʻlom, unumdor yerlar yoʻqotilyapti. Qurgʻoqchilikdan aziyat chekayotganlarning 85 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi.
Agar vaziyat shunday davom etsa, 2030-yilgacha yer degradatsiyasidan xoli dunyoga erishish uchun 1,5 milliard gektar yerni qayta tiklash kerak boʻladi.
1 000 000 000 (bir milliard) yoshlar yer va tabiiy resurslarga bogʻliq boʻlgan rivojlanayotgan hududlarda yashaydi. Bu esa yerni qayta tiklash boʻyicha global majburiyatlarni bajarish uchun esa yoshlarni jalb qilish lozimligini anglatadi.