Buxoro davlat universiteti “Times Higher Education Impact Rankings 2025” global reytingidan joy oldi

    Ta'lim 5 Iyul 2025 1122

    Buxoro davlat universitetining “Times Higher Education Impact Rankings 2025” global reytingida dunyoning nufuzli 800 ta universitetlari roʻyxatidan joy olganligi munosabati bilan hamda “Bitiruvchi–2025” Diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Bu yil Buxoro davlat universitetining 95-yilligi nishonlanmoqda. Bu azim dargoh bir asrga yaqin vaqt mobaynida minglab ziyolilarni, olimlarni, mutaxassislarni yetishtirib, ilm-fan va maʼrifat rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Soʻnggi yillarda universitetning xalqaro reytinglardagi oʻrni sezilarli darajada yaxshilangani, nufuzli “Times Impact” reytingida jahonning yetakchi universitetlari orasida 601-800 guruhidan oʻrin egallagani, “Greenmetric” reytingida jahonda 447-oʻrindaligi, QS Osiyo reytingida esa kuchli 900 talikda ekanligi fikrimizning isbotidir.

    Bu natija universitet jamoasining fidokorona mehnati, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati va talabalarning intiluvchanligi samarasidir.

    «Qadrli universitet bitiruvchilari! Sizlarni universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, mustaqil hayotga – umringizning yanada goʻzal va masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻyayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman, — deydi BuxDU rektori Obidjon Xamidov. — Shaxsan oʻzim, qolaversa, universitet jamoasi nomidan sizlarga katta umid va ishonch ramzi boʻlgan diplomlar muborak boʻlsin! Oq yoʻl sizga, Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlari – qadrli bitiruvchilarimiz.

    Marosimda viloyat va respublika miqyosidagi bir qator nufuzli mehmonlar, oliygoh rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, talabalar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

    Tadbir doirasida BuxDU “Universal” sport majmuasi bosh foyesida universitetning tarixi, talabalarning erishgan yutuqlari va hayotidan lavhalar aks etgan koʻrgazma hamda rasmlar galereyasi tashkil etildi. Mehmonlar Sanʼatshunoslik fakulteti vakillari tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qoʻshiqlar sadolari ostida kutib olindi.

    Marosim avvalida professor H.T. Artikova BuxDU bitiruvchilarini samimiy qutlab, universitet jamoasini “Times Higher Education Impact Rankings 2025” global reytingida dunyoning nufuzli 800 ta universiteti qatoridan joy olgani munosabati bilan muborakbod etdi. Shuningdek, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning bitiruvchilarga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Shuningdek, Top-1000 lik sertifikati tantanali tarzda topshirildi.

    Shuningdek, tadbirda Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari, biologiya fanlari doktori, professor H.T. Artikova, “Oʻzbekiston Qahramoni”, Madaniyat Muhammad Ismat fermer xoʻjaligi rahbari Muhammad Ahmedov, Buxoro viloyat mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, professor A. Amanovna, viloyat Kengashi deputati Sherzod Raxmonov Buxoro viloyati Sport boshqarmasi boshligʻi U. Nadjimidinov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat boʻlimi rahbari Shodmon Sulaymonov, Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Obidjon Xamidov Xafizovich hamda boshqa oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etib, bitiruvchilarga diplomlarni tantanali ravishda topshirdilar.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Buxoro davlat universitetini joriy oʻquv yilida 51 ta taʼlim yoʻnalishi kunduzgi shakl boʻyicha 2549 nafar, sirtqi taʼlim shakli boʻyicha 17 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 2335 nafar, jami 4884 nafar talaba bakalavr, 36 ta mutaxassislik boʻyicha 215 nafar magistr oʻqishni tamomladi.

    Buxoro davlat universitetining yutuqlari va yetishtirib chiqargan malakali mutaxassislari bilan faxrlanishga haqli ekanligini yana bir bor namoyon etgan ushbu marosim barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.


    Hamkorlik materiali