2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo'zlik va zargarlik festivalini o'tkazish to'g'risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2022-yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo'zlik va zargarlik festivali o'tkazilishi belgilangan edi. Ushbu tadbir xalq amaliy san'atining zardo'zlik va zargarlik an'analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ'ib etish hamda mintaqaning turizm salohiyatini oshirishni nazarda tutadi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8-oktyabrda qabul qilingan “Xalqaro zardo'zlik va zargarlik festivalini o'tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida festival doirasida ilmiy-amaliy konferentsiya, ko'rik-tanlov, taqdimot va ko'rgazmalar, teatrlashtirilgan kontsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma'rifiy, shuningdek, targ'ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishning aniq yo'nalishlari o'z ifodasini topdi.
Festival doirasida iste'dodli hunarmandlarni aniqlash, ularni ma'naviy hamda moddiy rag'batlantirish, hududlarda mazkur sohani jadal rivojlantirish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o'rgatish, yangi ish o'rinlari yaratish, zardo'zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, sayyohlarni jalb qilishga alohida e'tibor qaratiladi. Shuningdek, har bir hudud tarixi, hayot tarzi, hunarmandchilik maktabi an'analarini aks ettiruvchi hunarmandlar shaharchalari maketlari, uy-ro'zg'or buyumlari, hunarmand-dizaynerlar yaratgan mahsulotlar ko'rgazmalarini o'tkazish, xalq sayillari, folklor va dorbozlik jamoalari, askiyachi va qiziqchilarning teatrlashgan tomoshalari, san'at vakillarining kontsert dasturlarini hamda usta-hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, rassomlar xiyoboni, ekskursiya yo'nalishlari tashkil etiladi.
Hujjat bilan Xalqaro zardo'zlik va zargarlik festivalini o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizom, uni o'tkazish bo'yicha yo'l xaritasi tasdiqlandi.
Festival 2022-yil 21—25-may kunlari va uning doirasida “An'anaviy zardo'zlik va zargarlik san'atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya tashkil etiladi. Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog'i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko'rgazma-savdosi uyushtiriladi.
Rauf Nurullayev