Tashrif doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va loyihalar tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi, ular duch kelayotgan masalalar hamda faoliyatlarini kengaytirish rejalari va istiqbollari muhokama etildi.
Bevosita korxonalarga chiqish davomida tadbirkorlar ishchi guruh aʼzolarini amalga oshirilayotgan tashabbuslar, ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonlarning muhim jihatlari, joriy etilayotgan sanoat innovatsiyalari va eksport bozorlariga chiqish rejalari bilan tanishtirdi.
Taʼkidlash joizki, oʻrganilayotgan sanoat obyektlarining aksariyati yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlardir. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hududiy yalpi mahsulot hajmini sezilarli darajada oshirish, sanoat va eksport salohiyatini yuksaltirish, ayni paytda ichki bozorda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega xaridorgir mahsulotlar importi oʻrnini bosish uchun shart-sharoit yaratadi.
Shuningdek, joylarda tadbirkorlar amalda duch kelayotgan muammolar oʻrganildi. Koʻtarilgan muammolarni oʻrganish yakuni boʻyicha tegishli vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga manzilli koʻrsatmalar berdi. Loyihalarni amalga oshirishda maksimal darajada yordam koʻrsatish va ularni ishga tushirishni jadallashtirish, foydalanishga topshirilayotgan obyektlar faoliyatini kelgusida uzluksiz qoʻllab-quvvatlash vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi resurslarini jalb etish hamda banklar kreditlari orqali loyihalar tashabbuskorlariga moliyaviy yordam koʻrsatish imkoniyatlari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.