Buxoroda Mahmudxoʻja Behbudiy haqidagi badiiy filmning suratga olish ishlari yakunlanmoqda

    Madaniyat 9 Iyul 2020 4540

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Buxoroda buyuk tarixiy shaxs, oʻzbek dramaturgiyasining asoschisi Mahmudxoʻja Behbudiy haqidagi tarixiy dramani suratga olish ishlarini boshlashga muvaffaq boʻlgan edi. Hozirda esa filmni suratga olish ishlari yakunlanmoqda.

    Behbudiy jadidchilikning atoqli vakili, maʼrifatparvar va milliy teatr sanʼatining asoschilaridan biri boʻlgan. Uning faoliyati oʻz davrida oʻlkamizda madaniyat, fan va taʼlimning rivojlanishiga zamin yarata oldi.

    Film oʻsha davrning haqiqiy voqealariga asoslangan boʻlib, XIX asr oxiridan XX asrning 20-yillarigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Filmning badiiy mohiyati katta epizodli xotiralardan iborat boʻlib, ular orqali Mahmudxoʻja Behbudiyning butun hayot yoʻliga chuqur nazar solish mumkin. Film haqiqiy tarixiy voqealarga toʻla boʻlib, unda Qoʻqon muxtoriyatining magʻlubiyati, qochqinlar va harbiy toʻqnashuvlar haqida hikoya qilinadi.

    Buxoroda Behbudiyning qamoqdagi soʻnggi kunlari, zindondagi epizodlari suratga olinadi. Bundan tashqari, filmning suratga olish ishlari Toshkent, Samarqand va yurtimizning boshqa shaharlarida ham boʻlib oʻtdi.

    Ssenariy mualliflari va film rejissyorlari – Baqo Sodiqov va Ulugʻbek Sodiqovlardir.

    “Ushbu film ”Oʻzbekkino" Milliy agentligining maxsus buyurtmasi asosida maʼrifatga yoʻgʻrilgan Islom asoslari va uning asl mohiyatini butun dunyoga koʻrsatib bergan jadidchilar va xususan, Mahmudxoʻja Behbudiyning fidokorona xatti-harakatlariga ehtirom sifatida suratga olinmoqda. Bunday daholar insonparvar millatimizning asl inʼikosi va ularning yorqin xotirasini tiklash biz uchun farzdir! Filmda aks etgan Behbudiyning koʻplab monologlari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan”, – deydi film rejissyori Ulugʻbek Sodiqov.

    Bu yil 145-yilligi keng nishonlanishi kutilayotgan taniqli olim va publitsist Mahmudxoʻja Behbudiy haqidagi mazkur tarixiy drama tomoshabinlar uchun ajoyib sovgʻa boʻladi va ayniqsa, yoshlarga maʼnaviy ozuqa bera oladi.